Korxonaning ikkinchi umri

2016-03-01

Urganch shahridagi “Xorazm palace” mehmonxonasi ish yuritmayotgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 2 milliard 11 million dollardan ziyod investitsiyasi hisobiga mehmonxona faoliyatini tiklab, bugungi kunda sayyohlarga jahon andozalari darajasida xizmat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2008-yil 18-noyabrdagi “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Farmonga muvofiq past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida ularga tijorat banklarining mablag‘lari keng jalb etilmoqda.

Bankrot korxonalarni tiklash va moliyaviy sog‘lomlashtirish ishlariga banklarni jalb etish jahon moliyaviy faoliyatida va bank amaliyotida yangilikdir. Bu tizim iqtisodiy nochor va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va barqaror ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlash, ularni yangi investorlarga sotishda yaxshi samara bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki balansiga iqtisodiyotning muhim tarmoqlari hisoblangan yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallari, mehmonxona xizmatlari kabi sohalarda faoliyat yuritgan oltmish sakkizta iqtisodiy nochor korxona qabul qilingan. Ular negizida tashkil etilgan korxonalar aktivlarini samarali boshqarish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalarni istiqbolli investorlarga sotish maqsadida bank qoshida “NBU Invest Group” va “NBU Investment” investitsiya kompaniyalari tashkil etildi.

Mazkur kompaniyalar ko‘magida bank balansiga olingan korxonalar qisqa muddatda qayta tiklanib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun esa o‘z sohasi bo‘yicha tajribali menejerlar, jumladan, xorijdan mutaxassislar jalb etilib, bank investitsiyalari hisobiga korxonalarda zarur ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Eskirgan uskunalar o‘rniga dunyoning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologik jihozlar o‘rnatildi.

Bank balansiga olingan korxonalarning o‘z egasini topishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi “Tijorat banklarining investitsiya faoliyatini rag‘batlantirishga va banklar tomonidan korxonalarni yangi investorlarga sotishni jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori dasturilamal bo‘layotir.

Toshkent viloyatidagi “To‘ytepa tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bank kiritgan investitsiyalar hisobiga korxonada barqaror ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxona negizida “Art Tekstil Capital” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Ishlab chiqarishda yaratilgan qulayliklar, ayniqsa, soliq imtiyozlari yangi korxonaning oyoqqa turishida katta madad bo‘ldi, – deydi korxona rahbari Muzaffar Zuhriddinov. – Daromad solig‘i, yagona, mol-mulk hamda yer solig‘i to‘lashdan uch yil mobaynida ozod etilganimiz va mazkur mablag‘lar modernizatsiya ishlariga yo‘naltirilgani natijasida ishlab chiqarish yil sayin ortmoqda. Xususan, mahsulot ishlab chiqarish hajmi kunlik 22 tonnadan 35 tonnaga oshdi. 600 qo‘shimcha ish o‘rni tashkil etildi. Kelajakda korxona faoliyatini kengaytirish evaziga ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, tayyor mahsulotlarni eksportga chiqarishni rejalashtirmoqdamiz.

Tijorat banklarining moliyaviy ko‘magida faoliyati qayta tiklangan korxonalar mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Manba: O'zA