Farzandlar kamoli — yurt istiqboli
2016-02-29
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida musiqa san’atini yanada ravnaq toptirish, farzandlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini yuzaga chiqarishga katta e’tibor qaratib kelinayapti.
Bu haqda yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ham alohida ta’kidlandi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun uyushtirilgan media-tur respublikamizda musiqa va san’at maktablari faoliyatini -tashkil etish, o‘g‘il-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda mazkur yo‘nalishdagi so‘nggi yangiliklarga bag‘ishlandi. Jurnalistlar ushbu jarayon bilan poytaxtimizning -Yakkasaroy tumanida joylashgan 18-bolalar musiqa va san’at maktabi misolida tanishdi.
Aytish joizki, Yurtboshimizning 2008 yil 8 iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009 — 2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 136 bolalar musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etildi, 142 tasi rekonstruktsiya qilindi hamda ta’mirlandi.
Amalga oshirilgan islohotlar samarasi o‘laroq, ana shunday ilm maskanlarida ta’lim yo‘nalishlari 13 taga etdi. Bugungi kunda musiqa va san’at maktablarida 53 ta ixtisoslik bo‘yicha saboq berilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bunday ta’lim muassasalarida yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida o‘quvchilar qamrovi 1,5 barobar ortdi. Agar 2008 yilda bolalar musiqa va san’at maktablarida respublika bo‘yicha jami 38 ming nafar o‘g‘il-qiz tahsil olgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 59 ming nafarga etgan.
Yakkasaroy tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabi ham 2010 yilda qayta ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgan.
— Ta’lim dargohimizda 320 dan ziyod o‘quvchi bilim hamda mahoratini oshirmoqda, — deydi musiqa va san’at maktabi direktori Irina Moroz. — Ularga malakali o‘qituvchi hamda murabbiylar milliy va jahon musiqa asboblarini chalish, an’anaviy xonandalik, tasviriy hamda amaliy san’at kabi 14 yo‘nalish bo‘yicha saboq berayotir. Yana bir jihati, bolajonlarimiz “Ona yurt ohanglari”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “San’at g‘unchalari” singari tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashib kelayapti.
Nurillo Nosirov — ushbu ta’lim muassasasining iqtidorli o‘quvchilaridan biri. U yurtimiz va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan tanlovlarda munosib ishtirok etmoqda.
— O‘tgan yili Italiyaning Rimini shahrida bo‘lib o‘tgan yosh ijrochilarning xalqaro tanlovida zarbli cholg‘ular bo‘yicha Gran-prini qo‘lga kiritdim, — deydi u. — MDH mamlakatlari, Frantsiya, Italiya va boshqa davlatlardan kelgan tomoshabinlarning olqishi, hakamlarning e’tirofidan O‘zbekistondek buyuk yurt farzandi ekanimdan faxrlandim. Biz, yoshlar uchun yaratib berilayotgan beqiyos imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimiz obro‘-e’tiborini bundan-da yuksaltirishga hissa qo‘shishga -astoydil intilamiz.
Ma’lumki, 2015 yilning 20 noyabrida Prezidentimizning “Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016 — 2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va yangi bosqichda davom ettirishda muhim o‘rin tutadi. Media-tur davomida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari istiqbolda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida OAV xodimlarini batafsil xabardor qildilar.
— Ushbu hujjat hamda yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida -Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq, 2016 — 2020 yillarda
14 ming 700 o‘rinli 98 bolalar musiqa va san’at maktabini barpo etish belgilangan, — deydi Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Qosimjon Otamirzaev. — Shuningdek, ta’lim dargohlari 72 nomdagi o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar, notalar to‘plami hamda ko‘rgazmali materiallar bilan ta’minlanadi. Birgina joriy yilning o‘zida 18 ta ana shunday muassasada qurilish-ta’mirlash ishlari bajariladi. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga asosan, musiqa va san’at maktabiga to‘lanadigan badal puli birmuncha arzonlashtirildi. Mamlakat va xalqaro tanlovlar g‘oliblari bepul o‘qitilishi belgilandi. Bularning barchasi ertamiz egalarini har jihatdan komil insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlardir.
Media-tur yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.