«Yagona darcha» — keng imkoniyatlar markazi

2016-02-25

Joriy yilning 1 yanvaridan e’tiboran mamlakatimizning barcha hududida tadbirkorlik sub’ektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari faoliyat boshladi.

Prezidentimizning 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Jizzax viloyatida tashkil etilgan shunday muassasalar ishbilarmonlarga yaqindan ko‘mak berayapti.

Ayni paytda hududdagi 12 tuman va bitta shahar hokimligi huzuridagi “yagona darcha” orqali 16 turda xizmat ko‘rsatilayotir. Gap shundaki, endilikda tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, er uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turarjoyni noturarjoyga aylantirish kabi masalalari ushbu maskanlarda hal etiladi. Viloyatda bu kabi xizmatlardan foydalanayotgan yuridik shaxslar qariyb 27 ming 100 nafarga etdi. Eng asosiysi, o‘tgan qisqa davrda 1000 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

— Paxtakor tumani hokimligi huzuridagi Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markaziga murojaat etib, tadbirkor bo‘lish orzuim bir zumda amalga oshdi, — deydi “O‘rolov Ahmad” xususiy korxonasi rahbari o‘aybulla Yahyoev. — Sohaga yaratib berilayotgan qulayliklardan minnatdormiz. Ilgari korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oylar davomida o‘nga yaqin idoralarga murojaat qilib, har biriga ko‘plab hujjatlar taqdim etardik. Endilikda bunday tashvishlardan qutuldik. Ularning barchasi markaz tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali 30 daqiqa ichida rasmiylashtirilib berilayapti.

Tumandagi “yagona darcha” markazi tajriba (sinov) tariqasida 2015 yilning oktyabrь oyida ochilgan bo‘lib, ushbu davr ichida hududda faoliyat ko‘rsatayotgan 1157 ta tadbirkorlik sub’ektining ishonchli hamkoriga aylandi. Uning rahbari Tursunmurod Qo‘ng‘irovning aytishicha, 90 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, shu yilning boshidan buyon 6 ta korxonaga 16 turdagi davlat xizmati ko‘rsatildi.

Farmonga asosan, bunday markazlar faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish Adliya vazirligiga yuklatilgan. Shundan kelib chiqqan holda, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.

— Markazlarni tashkil etish bo‘yicha har bir tumanda ishchi guruhi, ularga uslubiy yordam berish va faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo viloyat ishchi guruhi shakllantirilgani ayni muddao bo‘ldi, — deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xodjaqulov. — Pirovardida belgilangan vazifalar to‘liq, sifatli va muddatida ta’minlanib, aholi uchun qulay joyda “yagona darcha” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularga tashrif buyurgan tadbirkorga axborot bo‘limi (Call-center)ning o‘zidayoq davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul ma’lumot berilayapti.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari yuksak salohiyatli, huquqshunoslik, iqtisod, soliq va moliya sohalarida etarli malakaga ega bo‘lgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallagan kadrlar bilan ta’minlangani ish samaradorligini oshirmoqda.

— Tumanimizdagi “yagona darcha” markaziga bino va inshootlarga bo‘lgan huquqimni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni so‘rab, murojaat qildim, — deydi “Paxtakoragrometallservis” xususiy korxonasi rahbari Xolmat Xolmurodov. — U belgilangan tartibda qabul qilinib, rasmiylashtirildi va tegishli davlat xizmati ko‘rsatuvchi idoraga yuborildi. Natijasi bo‘yicha, albatta, o‘z vaqtida ma’lumot taqdim etilishi bildirildi. Bundan juda mamnunman. Bu mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy tasdig‘idir.

Tadbirkorlik harakatini rivojlantirish, uning huquqiy himoyasini kuchaytirish yurtimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik istiqbolisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois respublikamizda mazkur soha vakillarining faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining tashkil etilishi esa bu boradagi sa’y-harakatlarning uzviy davomidir. Zotan, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada uchraydigan sun’iy to‘siqlarni bartaraf qilib, tadbirkorlarning ish boshlashidan tortib faoliyati davomida zarur bo‘ladigan xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish, ularga yanada qulaylik yaratishdan iborat.

Manba: «Xalq So'zi»