Bank-moliya tizimi — aholi xizmatida

2016-02-25

Iqtisodiyotimizning har bir sohasida salmoqli natijalarga erishilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlariga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar aholi daromadi va turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda bu boradagi sa’y-harakatlar qamrovi yanada kengayadi. Chunki yaqinda Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash, yosh avlod salomatligini mustahkamlash uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish barobarida, bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish, chekka hududlarda servis hamda maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini foydalanishga topshirish kabi ko‘plab ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Poytaxtimizda “Agrobank” aktsiyadorlik tijorat banki tashabbusi bilan Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ana shular xususida so‘z yuritildi.

Aytib o‘tilganidek, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, oqilona pul-kredit siyosatini yuritish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash, iqtisodiyotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada “Agrobank” ATB ham mazkur jarayonning faol ishtirokchisiga aylanayotir. Ya’ni moliya muassasasi nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki boshqa tarmoqlar rivojiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelayapti. Xususan, o‘tgan yili bank tomonidan davlatimiz rahbarining 2010 yil 26 noyabrdagi “2011 — 2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori asosida aholi va turli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga zamonaviy, tezkor moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi. Natijada joriy yil boshiga kelib, bankning umumiy kapitali 470 milliard, ustav kapitali esa 318 milliard so‘mni tashkil etdi. Bank resurs bazasi 2 trillion 991 milliard so‘mga, kredit qo‘yilmalari hajmi 2 trillion 215 milliard so‘mga etdi. Ajratilgan 669 milliard so‘mlik investitsiyaviy kreditlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, aloqa, transport singari iqtisodiyotning muhim tarmoqlariga yo‘naltirildi.

Anjumanda bankda Sog‘lom ona va bola yilida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, bu yil Davlat dasturi talablaridan kelib chiqqan holda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun 1 trillion 196 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu sarmoyalarning 358 milliard so‘mi mikrokreditlardan iborat bo‘ladi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi korxonalariga yaqindan ko‘mak berish, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, dehqon hamda fermer xo‘jaliklarining biznes ishlanmalarini moliyalashtirish hajmi yanada kengaytiriladi. Hududlar obodligini ta’minlash maqsadida zamonaviy infratuzilmalar tashkil etilib, aholi va mijozlarga qulaylik yaratuvchi yangi bank xizmatlari amaliyotga kiritiladi.

Bunday sa’y-harakatlar pirovardida iqtisodiyotimiz ravnaqi, turmushimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Manba: «Xalq So'zi»