Kichik biznes subyektlari – davlat xaridlari tizimida
2016-02-25
Davlat buyurtmalarini qabul qilish va davlat xaridlarini amalga oshirishda kichik biznes subyektlarining ishtiroki kengaymoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil 7-fevraldagi “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘layotir. Qarorda byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, davlat buyurtmalarini ta’minlashda kichik biznes subyektlari ishtirokini kengaytirish, halol raqobat muhitini rivojlantirish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash chora-tadbirlari belgilangan.
Davlat xaridlari bo‘yicha elektron auksion savdolar ilk bor 2011-yilda boshlangan. Ularda 166 milliard so‘mlik bitimlar tuzilgan va bunda kichik biznes subyektlarining ulushi 89 foizni tashkil etgan. 2015-yilda 497 milliard so‘mlik bitimlar tuzilib, ularning 99 foizi kichik biznes vakillari ulushiga to‘g‘ri kelgan. Savdo jarayonida narxlarning pasayishi hisobidan 139,8 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilingan.
Xo‘sh, kichik biznes vakillari bu savdolarda qay tarzda va qanday ishtirok etadi?
Buning uchun ular elektron tizim orqali ro‘yxatga kiritilib, akkreditatsiyadan o‘tadi. Ushbu maqsadda belgilangan tarzda ariza, imzo va muhr tasdiqlangan kartochka, guvohnoma nusxasi hamda rahbarlarning pasport nusxalari taqdim etiladi. So‘ngra bevosita elektron savdolarda ishtirok etish uchun oldindan birjaga komission yig‘im va avans to‘lagan ishtirokchi istalgan e’lon bo‘yicha o‘z takliflarini berishi mumkin.
Davlat xaridlari bo‘yicha alohida turdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati hukumat komissiyasi tomonidan belgilanishi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni vaqtda ularning turi qirqdan ziyod bo‘lib, elektron savdolarda oziq-ovqat mahsulotlari, mebel va komputer jihozlarini yetkazib berish yetakchi o‘rin egallamoqda.
Mazkur elektron savdolarni tashkil etish uchun tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida birjaning maxsus axborot portali yaratilgan. Portalni yaratish va joriy etishda davlat xaridlarini amalga oshirishning ilg‘or jahon tajribasi, jumladan, sinalgan va o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatgan zamonaviy elektron birja savdolari tizimidan keng foydalanilgan. Bu davlat xaridlari jarayonining ochiq-oshkoraligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shuning uchun birjada tashkil etilayotgan elektron savdolar tizimi davlat xaridlarining ham buyurtmachilari, ham tovarni yetkazib beruvchilari uchun birdek qulaylik yaratmoqda.
– Elektron savdolar teskari auksion, ya’ni, narxni arzonlashtirish mexanizmi asosida amalga oshiriladi va boshlang‘ich narxning pasayishi bilan yakunlanadi, – deydi Respublika tovar-xomashyo birjasi Kichik biznes subyektlari mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash markazining mutaxassisi Murodjon Zokirov. – Ya’ni, byudjet tashkiloti o‘ziga kerakli mahsulot haqida birjaning maxsus axborot portaliga e’lon berganda uning boshlang‘ich narxini belgilaydi. Ushbu e’longa 10 kun mobaynida barcha korxonalar teng huquqli ravishda o‘z taklifini beradi. Savdo yakunlangach, eng yaxshi taklif avtomatik tarzda tizim tomonidan aniqlanadi va uning egasi savdolar g‘olibi, deb belgilanadi. Bunda savdo jarayonlariga inson omilining ta’sir etishi to‘la chegaralanganligi alohida e’tiborga loyiq.
Shundan so‘ng g‘olib yetkazib beruvchi bilan buyurtmachi o‘rtasida shartnoma shakllantiriladi. Bu jarayon ham avtomatik tarzda bajariladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 11-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida elektron xaridlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi”ga muvofiq kontrakt yuridik kuchga ega bo‘lishi uchun ushbu hujjat savdolarda g‘olib chiqqan yetkazib beruvchi yoki uning agenti va birja tomonidan savdolar g‘olibi aniqlangan vaqtdan boshlab besh ish kuni mobaynida imzolanishi kerak.
Elektron davlat xaridlari tizimida kichik biznes subyektlari uchun yaratilgan qulayliklar qatoriga tadbirkorlar uchun maxsus axborot portalida yaratilgan interaktiv xizmatlar ham kiradi. So‘nggi yillarda, ular uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratib berish maqsadida portalda davlat va korporativ xaridlar ishtirokchilarining shaxsiy kabineti, narxlarning elektron ma’lumotnomasi, onlayn-maslahat, call-markaz, forum kabi interaktiv xizmatlar joriy etildi.
Bundan tashqari, davlat xaridlar tizimida kichik biznes subyektlariga ko‘maklashish maqsadida Respublika tovar-xomashyo birjasining Kichik biznes subyektlari mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz tomonidan muntazam ravishda tashkil etilayotgan seminar, trening va “Ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlarda tadbirkorlarga davlat va korporativ xaridlarda ishtirok etish masalalari yuzasidan maslahat va tavsiyalar berilmoqda.
Davlat xaridlari bo‘yicha yaratilgan ochiq elektron tizim kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining unda yanada kengrok ishtirok etishini ta’minlamoqda.
Manba: O'zA