Deputatlar Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqdilar
2016-02-25
24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda deputatlar o‘z konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida Hisob palatasining 2015-yilgi hisobotini ko‘rib chiqdilar.
Majlisda Hisob palatasi raisining o‘rinbosari K.Akmalov hisobot bilan so‘zga chiqdi.
Avval xabar qilinganidek, mazkur hisobot dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilgan edi. Muhokamalar davomida deputatlar parlament nazoratini amalga oshirish va qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, nazorat-tahlil tadbirlariga fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini faol tarzda jalb etish yuzasidan parlament va Hisob palatasining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqdilar.
Shundan kelib chiqqan holda, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi mazkur hisobot bo‘yicha xulosani, shuningdek, Hisob palatasining 2015-yilgi hisoboti to‘g‘risidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasini tayyorladi va ularni palata ko‘rib chiqishiga taqdim etdi.
Hisobotni eshitish davomida qayd etildiki, Hisob palatasining hisobot davridagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvorliklariga bag‘ishlangan majlisida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda tashkil etildi.
Taqdim etilgan axborotda ta’kidlandiki, Hisob palatasining o‘tgan yilgi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksiga muvofiq Davlat byudjetining samarali ijro etilishiga, moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanilishiga, iqtisodiyot barcha sohalarining barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan davlat dasturlari va mintaqaviy rivojlanish dasturlarining ijrosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, 2015-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosati asosiy yo‘nalishlari hamda Davlat byudjeti loyihasining ekspertizasi o‘tkazildi. «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida siyosiy partiyalar daromadlarini shakllantirishning to‘liqligi va ulardan maqsadli foydalanilishi tekshirildi.
Byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar misolida respublika va mahalliy darajalarda Davlat byudjetining ijrosi, davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli hamda samarali sarflanishi tekshirildi. Davlat byudjeti daromad qismining hududlar va tarmoqlar bo‘yicha shakllanishi to‘g‘riligi, byudjetning moddama-modda va to‘la-to‘kis ijro etilishi tahlili o‘tkazildi, byudjet daromadlarining asosiy moddalari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari haqiqatga to‘g‘ri ekanligiga baho berildi. Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini ko‘paytirish, xarajatlarni maqbullashtirish va dotatsiya darajasini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari hududlarga chiqib o‘rganildi.
Parlament quyi palatasi yalpi majlisida Hisob palatasining 2015-yilgi hisoboti eshitilganidan keyin uning batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tdi, muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ta’kidladilarki, Hisob palatasi tomonidan hisobot davrida 90 ta tashkilotda 30 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat tadbirlari amalga oshirildi. Ushbu jarayonda Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining, davlat dasturlarining samarali ijro etilishi, investitsiya dasturlarining ro‘yobga chiqarilishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilashning amalga oshirilishi batafsil o‘rganildi.
Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida amaldagi qonunlar va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha kiritilgan takliflar diqqatga sazovordir.
Fraksiya a’zolarining fikriga ko‘ra, parlament nazoratini kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, joylarda huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini oshirish masalalarida parlament va Hisob palatasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarur ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, hududlarning ishlab chiqarish va ichki imkoniyatlaridan oqilona foydalanish asosida mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish hamda mintaqalar iqtisodiyotini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratdilar.
Fraksiya a’zolari Hisob palatasi tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar ishtirokida joylardagi tegishli vakillik organlarida mahalliy byudjetlarning samaradorligini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari muhokamasini ijobiy amaliyot sifatida qayd etdilar.
Deputatlar ta’kidlaganlaridek, mavjud muammolarni, byudjet intizomiga rioya qilish holatini har tomonlama o‘rganish muhimdir. Shu sababli tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlarining sohadagi muammolarni hal etish, ularning yuzaga kelishi sabablarini aniqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borishni yo‘lga qo‘yish orqali parlament nazoratini kuchaytirish zarur.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar qayd etib o‘tdilarki, Hisob palatasi hisobot davrida Davlat byudjeti xarajatlari ta’minlanganligining, ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadli kompleks dasturlari bo‘yicha xarajatlarni qoplash asosliligining tahlilini o‘tkazdi. Hisob palatasi tomonidan aholining kam ta’minlangan qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligi masalalariga, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy nafaqalar to‘lash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining ijrosidagi, ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalarga nafaqalar tayinlashdagi qator muammolar va foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi.
Shuningdek, Hisob palatasining o‘tkazilgan nazorat tadbirlari ijrosi monitoringi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish amaliyotda o‘zining ijobiy natijalarini berayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Shundan kelib chiqqan holda, fraksiya a’zolari Hisob palatasiga nazorat tadbirlarini amalga oshirish chog‘ida Davlat byudjetining ijrosi sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishga alohida e’tibor qaratishni taklif etdilar.
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolarining fikriga ko‘ra, Hisob palatasi agrosanoat kompleksi xo‘jalik yurituvchi subyektlarining moliyaviy holati ustidan nazoratni kuchaytirishi lozim, bu esa ushbu sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Ta’kidlandiki, aholining xarid qilish qobiliyati yanada oshirilishini chuqur tahlil qilish va baholashni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari Hisob palatasining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi moliyaviy qoidabuzarliklarni, ularning yuzaga kelish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha faoliyatini tahlil qildilar. Huquqbuzarliklarning sabablarini bartaraf etish, nazorat tadbirlarini kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Muhokama davomida deputatlar Hisob palatasi tomonidan Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan birgalikda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlarining samaradorligini alohida ta’kidladilar. Mazkur qo‘shma tadbirlar o‘z samaradorligini ko‘rsatdi va tarkib topgan amaliyot davom ettiriladi. Hisob palatasi faoliyatida ishga yangicha yondashuv va uslublardan foydalanildi, xususan, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini va tashkilotlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar kiritildi.
Muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2015-yilgi hisobotini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.
Hisob palatasining hisobotini eshitish yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasi qaror qabul qildi, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga va Senatga yuboriladi.
Manba: O'zA