Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat vazirligiga aylantirildi

2016-02-24

Vazirlik butunlay qaytadan tashkil etiladi, uning vakolatlarining bir qismi Sog’liqni saqlash vazirligiga, ayrimlari esa Moliya vazirligiga yuklatiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joriy yil 22 fevral kuni «Aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordam bilan ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi farmonga imzo chekdi.

Mazkur hujjatga muvofiq, ijtimoiy muhofaza masalalari Sog’liqni saqlash va Moliya vazirliklari tasarrufiga o’tkaziladi.

Endi nogironlar, urush qatnashchilari, faxriylar, yolg’iz qariyalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy ko’mak ko’rsatish bo’yicha, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarga kasbiy ta'lim berishni tashkil qilish va inklyuziv kasbiy ta'lim bo’yicha vazifalar Sog’liqni saqlash vazirligiga yuklanadi.

Shuningdek, «Muruvvat» va «Saxovat» uylari, Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, hududiy nogironlar reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriya va pansionatlar, Toshkent va Farg’onadagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari, shuningdek, poytaxtdagi 2-sonli huquqshunoslik kolleji Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligidan Sog’liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o’tkaziladi.

Ehtiyojmand oila va fuqarolarga ijtimoiy nafaqa va moddiy ko’mak belgilash va to’lash ustidan nazorat bo’yicha vazifalar esa Moliya vazirligiga topshiriladi.

Bundan tashqari, vazirlik ish bilan ta'minlash, ishsiz aholini, birinchi navbatda yoshlar, ayollar va nogironlarni kasbiy ta'limga o’qitish va qayta tayyorlashga mas'ul bo’ladi. Bundan tashqari vazirlik faoliyatining asosiy vazifa va yo’nalishlari aholi bandligi darajasini chuqur tahlil qilish, bandlikni ta'minlash dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirishni nazorat qilishdan iborat bo’ladi.

Manba: “Jahon” axborot agentligi