«Ochiqlik indeksi» e’lon qilib boriladi

2016-02-24

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining roliga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda parlament a’zolari, vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari vakillari, olimlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi I.Halimbekov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining o‘rni yuksalib borayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda yurtimizda bir ming to‘rt yuzdan ko‘proq ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritmoqda. Ularning oltmish foizga yaqini nodavlat ommaviy axborot vositalaridir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot manbalari ham yildan-yilga takomillashmoqda.

2014-yil 5-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘layotir.

Seminar ishtirokchilari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi bo‘yicha monitoring olib borish va uning baholash usullari bilan tanishtirildi.

– Qonunchiligimizga muvofiq, joriy yildan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqlik bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish darajasini baholovchi «ochiqlik indeksi» e’lon qilib boriladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev. – Bu jarayonda reyting baholashni tashkil etishda davlat organlarining ommaviy axborot vositalari, fuqarolik institutlari bilan hamkorligi alohida mezon etib belgilandi.

Seminarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlashda axborot xizmatlarining roli, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan aholining xabardorligini oshirishda matbuot xizmatlari va jurnalistlarning o‘rniga doir ma’ruzalar tinglandi.

Manba: O'zA