Ma’naviy kamolot manbai
2016-02-24
Mamlakatimizda 2016-2020-yillarda 98 bolalar musiqa va san’at maktabi barpo etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan matbuot anjumanida bu boradagi ishlarning ko‘lami va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy musiqa san’atimizni yanada ravnaq toptirish, san’atsevar bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini yuzaga chiqarishi uchun munosib shart-sharoit yartilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shu yillarda 136 bolalar musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etildi, 142 tasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar 18-bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyati misolida yurtimizda so‘nggi besh yil ichida musiqa va san’at ta’limi rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlar va ularning samaralari, istiqboldagi rejalar bilan tanishtirildi.
2010-yili qayta ta’mirlangan maktab bugun san’at sirlarini o‘rganishga oshufta yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Hozir bu yerda 320 dan ziyod o‘g‘il-qiz bilim va mahoratini oshirmoqda. Ular malakali o‘qituvchi va murabbiylardan milliy va jahon musiqa asboblarini chalish, an’anaviy xonandalik, tasviriy va amaliy san’at kabi 14 yo‘nalish bo‘yicha saboq olayotir.
Yosh iqtidor sohiblarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni yuksak ijodiy parvozlar sari ruhlantirish borasida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar samarasida o‘g‘il-qizlarimiz nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlar hamda musiqa va san’at festivallarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini namoyon etmoqda.
1991-yilda respublikamizdan atigi 3 o‘quvchi xalqaro tanlovlarda ishtirok etgan. 2014-yilda 300 ga yaqin o‘g‘il-qiz milliy va jahon musiqa asboblarini chalish, an’anaviy va akademik xonandalik, xoreografiya yo‘nalishlari bo‘yicha qator xalqaro tanlovlarda qatnashgan va ularning 122 nafari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan. 2015-yilda ularning soni 137 nafarga yetib, 76 tasi Gran-pri va birinchi o‘rin ekanini alohida ta’kidlash kerak.
Yakkasaroy tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabida estrada xonandaligi yo‘nalishida o‘qiyotgan Jahongir Jamolov ulardan biri.
– Bu yerda estrada xonandaligi yo‘nalishida o‘qish barobarida fortepyano chalishni ham o‘rganib borayapman, – deydi Jahongir. – O‘tgan yili yozda Italiyada o‘tkazilgan “Sun of Italy” xalqaro ko‘rik-tanlovida qatnashib uchinchi o‘rinni egalladim. Tomoshabinlarning olqishidan O‘zbekistondek buyuk yurt farzandi ekanimdan faxrlandim. Prezidentimizning, xalqimizning cheksiz g‘amxo‘rligi, mehr-e’tibori samarasini yana bir bor his etdim. Biz, yoshlar yaratib berilayotgan beqiyos imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimiz obro‘-e’tibori bundan-da yuksalishiga hissamizni qo‘shmog‘imiz zarur.
Prezidentimizning 2015-yil 20-noyabrdagi “Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Ushbu hujjat hamda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining yaqinda bo‘lib o‘tgan Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq 2016-2020-yillarda 14 ming 700 o‘rinli 98 bolalar musiqa va san’at maktabini barpo etish belgilangan. Ular 72 nomdagi o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar, notalar to‘plami hamda ko‘rgazmali materiallar bilan ta’minlanadi, joriy yilda 18 ta shunday muassasada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi, – deydi Xalq ta’limi vazirligining musiqa va san’at ta’limi muassasalari boshqarmasi boshlig‘i Qosim Otamirzayev. – Bolalar musiqa va san’at maktabida bolalar muayyan miqdorda ota-onalar tomonidan to‘langan badal puli evaziga o‘qitiladi. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga asosan to‘lanadigan mazkur badal puli bir muncha arzonlashtirildi. Endilikda Toshkent shahrida bitta bola uchun badal puli eng kam oylik ish haqining 75 foizi miqdorida to‘lanadigan bo‘ldi. Viloyat markazlarida 50, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlarida 30 foiz etib belgilandi. Agar bitta oiladan ikki yoki undan ortiq farzand bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qiydigan bo‘lsa, ularning bir nafaridan badal puli olinadi, xolos. Mamlakat va xalqaro tanlovlar g‘oliblari bir yil bepul o‘qitiladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sport bilan bir qatorda san’at tarbiyasi, musiqiy tarbiya ham beqiyos ahamiyatga ega. Chunki jismoniy tarbiya va sport odamning irodasini tarbiyalab, sog‘lig‘ini mustahkamlashga hissa qo‘shsa, musiqa san’ati uning ruhiga oziq beradi, qalbini, eng nozik tuyg‘ularini kamolga yetkazadi.
Manba: O'zA