Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi — muhim vazifa
2016-02-23
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni dastlabki tarzda ko‘rib chiqdilar.
Yig‘ilishda Hisob palatasining faoliyati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish asosiy yo‘nalishlarining ijrosida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Shuningdek, u byudjet mablag‘larini samarali va maqsadli sarflanishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatib, iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, uning barqaror o‘sish sur’atlarini va raqobatdoshligini oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik hamda texnologik yangilash, aholi bandligini ta’minlash kabi muhim masalalarni echishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Taqdim qilingan axborotda qayd etilganidek, Hisob palatasining hisobot davridagi faoliyati 2015 yilning yanvarь oyida bo‘lib o‘tgan mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan eng muhim ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni inobatga olgan holda tashkil qilindi.
Byudjet qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2015 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi audit va baholashdan o‘tkazilgan, 2016 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda Davlat byudjeti loyihasining ekspertizasi amalga oshirilgan. Hisob palatasi tomonidan -Davlat byudjetining respublika va hududlar darajasida shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan nazorat tashkil qilingan, shuningdek, byudjet mablag‘larining qonun doirasida maqsadli yo‘naltirilishi va samarali sarflanishi ustidan tekshirishlar olib borilgan.
Davlat byudjeti daromadlar qismining to‘g‘ri shakllanishi, shuningdek, byudjetni hududlar hamda tarmoqlar kesimida doimiy va samarali sarflanishi tahlil qilinib, asosiy daromad manbalari prognoz ko‘rsatkichlarining haqqoniyligiga baho berilgan. Bundan tashqari, hisobot davrida byudjetdan tashqari jamg‘armalarning mablag‘lari to‘liq shakllanishi, samarali va maqsadli sarflanishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan hamda boshqa ko‘plab muhim yo‘nalishlarda ishlar olib borilgan.
Yig‘ilish ishtirokchilari Hisob palatasining hisobotini atroflicha muhokama qilgan holda Davlat byudjeti mablag‘larini qonuniy, maqsadli va samarali sarflanishi ustidan bir qator vazirlik, idora hamda tashkilotlarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlariga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, 30 ta yo‘nalishdagi 90 ta tash-kilotda olib borilgan nazorat-tekshirish tadbirlari yakuniga ko‘ra, Hisob palatasi tomonidan berilgan takliflar asosida 2015 yilda amaldagi bir qator qonun va qonunosti hujjatlariga o‘zgartishlar kiritildi hamda uslubiy qo‘llanmalar tayyor-landi.
O‘tgan yili Hisob palatasining 2014 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqishda deputatlar tomonidan Hisob palatasi o‘tkazgan tekshiruv natijalarini joylardagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida parlament a’zolari hamda tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi rahbarlari ishtirokida muhokama qilish bo‘yicha taklif kiritilgan edi. Hisobot ushbu taklifning samarali bo‘lganini ko‘rsatdi. Joylarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda Hisob palatasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar, byudjet intizomini buzish holatlari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Shuningdek, moliyaviy xato va kamchiliklarning kelib chiqish sabablari, aloqador vazirlik, idora hamda hokimliklar tomonidan ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralarning samaradorligi tahlil qilindi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar joylarda huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilikka -tegishli o‘zgartish kiritish uchun nazorat tadbirlari yakunini chuqur o‘rganish borasida parlament quyi palatasi hamda Hisob palatasining hamkorligi samaradorligini yanada oshirish maqsadga muvofiqligini e’tirof etdilar.
Hisob palatasining hisoboti muhokamalari yakunlari bo‘yicha qo‘mita fraktsiyalar va deputatlar guruhi vakillarining taklif hamda fikrlarini inobatga olgan holda xulosani tayyorladi va ularni Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim qiladi.
Manba: «Xalq So'zi»