Kelajak energiyasi

2016-02-23

Mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar sanoat tarmoqlariga “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, innovatsion taraqqiyotni -jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim omili — energetika tizimini modernizatsiyalash, energiya hosil qilishning muqobil manbalaridan kengroq foydalanish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

Respublikamizda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish sur’ati oshirilishi -barobarida, bu jarayonda ishlatiladigan tabiiy resurslar sarfini kamaytirish, ayniqsa, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni takomillashtirishga erishilayapti. Prezidentimizning 2013 yil 1 martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, ayniqsa, keng im-koniyatlar eshigini ochib berdi.

Noan’anaviy energiya resurslari, jumladan, quyosh energiyasidan foydalanish uchun O‘zbekistonimizning deyarli barcha hududi etarli salohiyatga ega. Tabiat ato etgan -benazir bu tuhfani o‘z o‘rnida ishlatish maqsadida turli quvvatlardagi fotoelektr stantsiyalar, quyosh energiyasi bilan suv isitadigan qurilmalar ishlab chiqarish o‘zlashtirilayotir. Xususan, o‘tgan yili Namangan viloyatining Pop tumanida 130 kilovatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stantsiyasi ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majli-sidagi ma’ruzasida ushbu masalaga to‘xtalar ekan, 2020 yilga borib yurtimizda har biri 100 megavatt quvvatga ega yana uchta quyosh elektr stantsiyasini foydalanishga topshirish -rejalashtirilganini alohida ta’kidladi.

Mazkur quyosh fotoelektr stantsiyalari mintaqada bunyod etilayotgan dastlabki yirik -muqobil energiya inshootlari ekanligi bilan diqqatga sazovor. Shundan bittasi Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida quriladi. Shu maqsadda quyosh nuri tik tushadigan qulay joy tanlangani elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini kelajakda yanada oshirish imkonini berishi aytilmoqda.

“O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda -Namangandagi quyosh fotoelektr stantsiyasida tajriba-sinov ishlari davom etayapti. Uning natijalari yangi ob’ektlar uchun qimmatli manba vazifasini o‘taydi.

Yurtimizda muqobil energiya manbalariga jiddiy e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki u qayta tiklanuvchanligi, ekologik jihatdan bezararligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, tabiiy boyliklar zaxirasi cheklangan bo‘lib, vaqti kelib uning tugashi allaqachon isbotlangan. Hisob-kitoblarga qaraganda, neftь zaxiralari 45 — 50 yilga, tabiiy gaz 70 — 75 yilga, ko‘mir esa 150 — 160 yilga etar ekan.

Garchi, respublikamiz uglevodorod xom ashyosi manbalariga boy bo‘lsa-da, ulardan oqilona foydalanish, kelajak avlodga qoldirish maqsadida elektr va issiqlik energiyasi olishning muqobil usullari bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilinayapti.

Kichik fotoelektr stantsiyalaridan dastlabki bosqichda yurtimizning tog‘li va chekka qishloqlari aholisi foydalanishgan bo‘lsa, keyingi bosqichda u ijtimoiy soha ob’ekt-lari — qishloq vrachlik punktlari, ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylarida tatbiq qilindi. So‘ngra paxta tozalash korxonalari va uni qabul qilish punktlari, shuningdek, sanoatning boshqa tarmoqlarida ham qo‘llanila boshlandi.

Yuqorida nomi keltirilgan Farmonga muvofiq, sohada eksperimental va amaliy -tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, tajriba loyihalarini amalga oshirish, o‘zimizda -tegishli uskunalar, butlovchi buyumlar hamda materiallarni ishlab chiqarish, ularga -servis xizmati ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayapti. Natijada zarur xom ashyodan tortib, innovatsion qurilmalarni tayyorlashgacha bo‘lgan -jarayon bosqichma-bosqich mahalliylashtirilmoqda.

Mutaxassislarga ayonki, quyosh elektr stantsiyalari va suv isitish geliokollektorlarini barpo etishda kremniy, germaniy, galliy arsenidi, kadmiy-tellur, galliy fosfidi kabi yarimo‘tkazgich materiallaridan foydalaniladi. Bugungi kunda esa kremniy asosidagi qurilmalardan 25 — 30 yil, hatto, 35 — 40 yil davomida foydalanish mumkinligidan kelib chiqib, ushbu material keng qo‘llanilmoqda.

Ana shu noyob sanoat xom ashyosi zaminimizda etarli ekanligi, keyingi yillarda sanoat usulida ishlab chiqarilayotganiga, ochig‘i, barchaning havasi kelmoqda. Misol uchun, 2012 yilda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ishga tushirilgan “Uz-Kor Silikon” O‘zbekiston — Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi yiliga 12 ming tonna texnik kremniy, 6,1 ming tonna mikrokremnezem ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu kabi qulayliklar tufayli keyingi yillarda sohaga ixtisoslashtirilgan o‘nlab korxonalar tashkil qilinib, samarali faoliyat yuritayapti. Ularda elektr quvvati olish uchun kichik quyosh stantsiyalari, issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun past potentsialli qurilmalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, xususan, quritish uskunalari tayyorlanib, aholiga etkazib berilayapti.

Poytaxtimizdagi “Mir Solar” mas’uliyati cheklangan jamiyati shulardan biri. Mazkur korxona jamoasi salkam o‘n yildan buyon ichki bozorga import o‘rnini bosuvchi qurilmalar chiqarmoqda.

— Davlatimiz rahbarining Farmoni nafaqat muqobil energiya manbalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda kengroq foydalanish, balki buning uchun zarur bo‘lgan qurilmalarni ishlab chiqarish salohiyatini keskin oshirish imkonini berdi, — deydi jamiyat rahbari Akram Mirzaboev. — Sababi, unga muvofiq, fotoelektr panellar tayyorlash bo‘yicha loyihalar imtiyozli kreditlar bilan moliyalashtirilishi, quyosh hamda biogaz energiyasini ishlab chiqaruvchilar, hatto foydalanuvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berilishi belgilab qo‘yildi. Biz ham yaratilgan bunday sharoitlardan unumli foydalanib, faoliyatimizni kengaytirib borayapmiz. Ayni paytda uy, dala-hovli, fermer xo‘jaliklari uchun mo‘ljallangan “KFS-50/12”, “KFS-100”, “KFS-300”, “KFS-500” va “KFS-1000” modelidagi fotoelektr stantsiyalar, “SUV-10” suv isitish qurilmasi, shuningdek, bir necha turdagi uskunalar ishlab chiqarilib, -buyurtmachilarga etkazib berilmoqda.

Shu o‘rinda aytish kerakki, jamiyat ish boshlagan dastlabki yillarda quyosh qurilmalarini tayyorlash sur’ati ham, ularning quvvati ham past edi. 2009 yilda Mahalliylashtirish dasturiga kiritilib, xorijning zamonaviy texnologik liniyasi bilan qayta jihozlangach, ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar oshdi. Muhimi, quyosh elektr stantsiyalari uchun zarur xom ashyo va butlovchi uskunalarning asosiy qismini shu erda tayyorlash o‘zlashtirildi.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan 25 Vattdan 200 Vattgacha bo‘lgan quyosh panellarining sifati yuqori bo‘lib, mintaqamiz iqlimiga moslashtirilgan. Bu esa mahsulotlarga talab yil sayin oshishiga xizmat qilmoqda. Ulardan nafaqat aholi xonadonlari, balki qishloq vrachlik punktlari, ta’lim muassasalari, sanoat korxonalarida foydalanilayotgani shundan dalolat beradi.

Korxona jamoasi talab va ehtiyojni hisobga olib, quyosh elektr stantsiyalari hamda kollektorlari turini ko‘paytirish, mavjudlarini yanada takomillashtirish payidan bo‘layotir.

Muqobil energiya manbalariga “kelajak energiyasi” deya ta’rif beriladi. Yurtimizda esa ular allaqachon amaliyotga kiritilib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimizga xizmat qilayapti. Bu O‘zbekiston ilmiy-texnikaviy salohiyati naqadar ulug‘vorligining yana bir isbotidir.

Manba: «Xalq So'zi»