Ustuvor vazifalar tahlili

2015-07-24

Navoiyda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama etildi.

Yig‘ilishda 2015-yilning o‘tgan davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, iqtisodiy nochor korxonalarni mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan qayta tiklash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini yanada oshirish borasida salmoqli ishlar olib borilgani qayd etildi.

Iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 3,1 foizga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,6, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 13,6, qurilish ishlari 7,1, chakana savdo aylanmasi 15,2, xizmatlar hajmi 17,8 foizga oshdi. Agrar sohani isloh qilish samarasida qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Natijada yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish belgilangan rejaga nisbatan 6,8 foizga o‘sdi.

Viloyatning eksport salohiyatini yuksaltirish borasida ham salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Yil boshidan buyon 33 turdagi tayyor mahsulotlar tashqi bozorga yetkazib berilgani natijasida ko‘zda tutilgan reja 114,6 foizga bajarilib, eksport ko‘rsatkichi 232,4 million dollarni tashkil etdi.

Hisobot davrida 20,8 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, 133 kichik biznes subyekti tashkil etildi va qo‘shimcha 603 yangi ish o‘rni yaratildi.

Yig‘ilishda viloyatning ayrim tumanlarida chet el investitsiyasini keng jalb qilish hamda tashqi bozorga chiqish, hududlar eksport salohiyatini oshirish borasida ayrim kamchiliklar kuzatilayotgani ta’kidlandi. Viloyatda sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish, iqtisodiy nochor korxonalarning barqaror ishlashiga ko‘maklashish yuzasidan kuzatilgan ba’zi muammolar tanqidiy tahlil etilib, kelgusida mazkur yo‘nalishda qator loyihalarni amalga oshirish belgilab olindi.

Tadbirda 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va kommunal soha, uy-joy fondining joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash masalalari ham muhokama etildi.

Navoiy viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.