Investitsiya dasturi samaralari
2016-02-19
Investitsiya dasturi samaralari yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish sub’ektlarini tashkil etish hamda raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashda o‘z ifodasini topayapti
Davlatimiz rahbari mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalar jalb qilish masalalariga alohida to‘xtalib, jumladan, shunday dedilar: “2015 yilda amalga oshirgan keng ko‘lamli, uzoqni ko‘zlagan islohotlarni hayotga tatbiq etish erkin tadbirkorlikka keng imtiyoz va preferentsiyalar yo‘lini ochib berish, investitsiyalar, avvalo, chet el investitsiyalarining hajmini oshirish va joriy etish iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha o‘z ijobiy ta’sirini berdi”.
Darhaqiqat, iqtisodiyot rivoji, avvalambor, investitsiya siyosati qanday olib borilayotgani bilan chambarchas bog‘liq. Chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan loyihalar ijrosida jalb etilayotgan sarmoyalarning maqsadli yo‘naltirilishi, ayniqsa, hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zamonaviy korxonalarni barpo etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalar ijrosi uchun o‘zlashtirilayotgan sarmoyalar hajmi yil sayin ortib borayapti. Birgina 2015 yilda ana shu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbasi hisobidan 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etilgani va o‘zlashtirilgani, bu borada avvalgi yildagiga nisbatan 9,5 foiz o‘sishga erishilgani buning yaqqol dalilidir.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bunda mahalliy xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni ta’minlaydigan, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish sub’ektlarini tashkil etishga qaratilgan loyihalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Shu bois mablag‘lardan unumli foydalanib, ular, asosan, zamonaviy korxonalar barpo etish, infratuzilma ob’ektlari bunyod qilish kabi aniq maqsadlarga yo‘naltirilayapti. Misol uchun, o‘tgan yili o‘zlashtirilgan jami investitsiyalarning 67,1 foizi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga sarflandi. Natijada 158 ta yirik ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirildi.
Bunday istiqbolli loyihalar farmatsevtika sanoatida ham ro‘yobga chiqarilayotgani import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, eksport hajmini oshirish imkonini berayotir.
“O‘zfarmsanoat” aktsiyadorlik kontserni tizimidagi “Med Standard Glass” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shulardan biri. Davlatimiz rahbarining 2012 yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil uchun investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur korxona shisha ampula va flakonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, ushbu loyiha farmatsevtika sanoati rivojidagi ahamiyati va ko‘lami jihatidan noyob hisoblanadi. Bu korxonaning Markaziy Osiyoda yagona ekanligi bilangina emas, balki o‘ta murakkab bo‘lgan tibbiyot shishasi tayyorlash muvaffaqiyatli o‘zlashtirilgani bilan izohlanadi.
— Maxsus kimyoviy tarkibdan tashkil topgan tibbiyot shishasini ishlab chiqarish juda nozik jarayon, — deydi mazkur jamiyat direktori Sherzod Jo‘raev. — Shu bois u dunyoning sanoqli davlatlaridagina tayyorlanadi. Ular orasida O‘zbekistonning borligi mamlakatimiz sanoat salohiyati, xalqimizning intellektual qobiliyati yuqoriligidan yaqqol dalolatdir. Masalan, ushbu mahsulotni tayyorlash uchun 12 ta modda zarur bo‘lsa, shundan boyitilgan kvarts qumi, kalьtsiyli soda, kalьtsiy korbonati, natriy nitrati kabi eng muhim xom ashyolar o‘zimizda mavjud. Bu esa loyihaning muvaffaqiyatini ta’minlayapti.
Shisha eritish tsexi xorijning eng zamonaviy texnologik liniyasi bilan jihozlangan. Ayniqsa, pechning konstruktsiyasi maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, u turdoshlaridan tubdan farq qiladi. Ya’ni tabiiy gazda emas, aksincha, elektr energiyasi yordamida ishlaydi.
Tsex bir kecha-kunduzda 10 tonna shisha eritish quvvatiga ega. Hosil bo‘lgan suyuq massadan uzunligi 1,2 metrdan 2 metrgacha, diametri esa 9 millimetrdan 30 millimetrgacha bo‘lgan drotlar tayyorlanadi. Mazkur shisha mahsulotlar nafaqat farmatsevtika sanoati, balki boshqa sohalarda ham muhim xom ashyo hisoblanadi. Jumladan, lyunimistsent va energiya tejovchi lampalar, qandillar tayyorlashda keng qo‘llaniladi.
“Med Standard Glass” korxonasida tizimli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani diqqatga sazovordir. Gap shundaki, shisha eritish tsexida tayyorlangan drotlar shu erning o‘zida qayta ishlanib, 2, 5 va 10 ml.li ampula hamda cheklanmagan o‘lchamdagi flakonlar tayyorlanadi. Boshqacha aytganda, korxona yiliga 3 ming tonna shisha drot, 300 million dona ampula va 60 million dona flakon ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu farmatsevtika korxonalarining import o‘rnini bosuvchi ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishdan tashqari, steril va in’ektsion dori vositalari tayyorlash hajmini oshirishga katta turtki bermoqda.
Ushbu ko‘rkam va zamonaviy korxonani foydalanishga topshirish uchun 15 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritildi. Bu mablag‘lar evaziga uchta ishlab chiqarish tsexi binosi belgilangan muddatlarda qurilib, ular eng so‘nggi rusumdagi texnologik liniyalar bilan to‘liq jihozlandi.
Bugun bu erga kelgan kishi qizg‘in ish ustidan chiqadi. Ayniqsa, shakl berish tsexlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Avtomatlashtirilgan uskunalar, robot-dastgohlar yordamida turli o‘lchamdagi ampula va flakonlar tayyorlanayapti. E’tiborlisi, korxonada 110 nafardan ziyod ishchilar mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 40 nafarga yaqini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridir. Flakon ishlab chiqarish dastgohi bosh operatori Ortiqali Saidxonov — ularning ilg‘or vakili. U o‘qishni tamomlagach, ushbu korxona jamoasi safiga qo‘shilgan.
— Bu erda mehnat qilayotganimdan juda xursandman, — deydi Ortiqali. — Xorijlik mutaxassislardan zamonaviy dastgohni boshqarishni tezda o‘zlashtirib oldim. Mana, ko‘rib turganingizdek, unga biryo‘la 16 ta drot qo‘yiladi. Ularga olov yordamida ishlov berilib, har biridan 22 tachaga flakon tayyorlanadi. Mahsulotning sifatli va mustahkam bo‘lishi bizning sa’y-harakatimizga bog‘liq.
Tsex sifat nazoratchisi Nilufar Yo‘ldoshevaning aytishicha, mahsulotlar sifati doimiy e’tibor markazida bo‘ladi. Ya’ni har 30 daqiqada barcha dastgohdan olingan namunalar dastlab polyariskop apparati yordamida tekshirilib, ko‘z ilg‘amas yoriqlar bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Keyingi bosqichlarda emiriluvchanligi, mustahkamligi va reaktsiyaga kirishmasligi sinovdan o‘tkaziladi. Bularning barchasi tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifati yuqori bo‘lishini ta’minlayaptiki, pirovardida xorijlik hamkorlardan ham buyurtmalar olinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2015 yil 11 fevraldagi “2015 — 2019 yillar uchun tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va meteriallar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori korxona faoliyati rivojida yangi ufqlarni ochmoqda. Unga ko‘ra, ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb etilib, mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari ko‘rilayapti. Maqsad shisha drot tayyorlashda mahalliylashtirish darajasini 80 foizga etkazishdir.
Muxtasar aytganda, sanoat tarmoqlarida bunday istiqbolli loyihalarning hayotga tatbiq etilishida Investitsiya dasturi doirasida jalb etilayotgan sarmoyalar muhim moliyaviy manba bo‘lmoqda. Shu bois joriy yilga mo‘ljallangan dasturga binoan, umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod sarmoya o‘zlashtirilib, 164 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Bu sanoatning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.
Manba: «Xalq So'zi»