ShHT mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda

2016-02-19

Bugun O‘zbekiston barcha sohalarda jadal rivojlanayotgani, tinchlikparvar siyosati, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlari tufayli xalqaro miqyosda nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay borayotgan mamlakatimiz dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan o‘rin olish yo‘lidagi oliy maqsadlariga erishishning strategik mexanizmini yaratdi. Bu jarayonda mamlakatimiz xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, xususan, jahonning nufuzli xalqaro tashkilotlariga a’zo bo‘lib, ular bilan faol va samarali aloqalarni muttasil kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shulardan biri Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)dir.

2001-yil 15-iyun kuni Xitoyning Shanxay shahrida tuzilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti mustahkam pozitsiyasi, samarali yondashuvlari va muayyan maqsadlariga ega nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. Uning global iqtisodiy-ijtimoiy, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolarni bartaraf etishdagi, dunyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashdagi ahamiyati va ta’siri tobora oshib borayotgani ShHTga a’zo bo‘lish, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sheriklar qatoriga qo‘shilish istagini bildirayotgan mamlakatlar soni tobora ortib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

ShHT tashkil topgandan buyon O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston tashkilotning a’zolari hisoblanadi. Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Eron, Mo‘g‘uliston, Belarus ShHT faoliyatida kuzatuvchi sifatida qatnashsa, muloqot bo‘yicha sheriklar safida Turkiya, Shri-Lanka, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal ishtirok etadi. O‘tgan yilgi Ufa sammitidan so‘ng Hindiston va Pokistonni ShHTga a’zo sifatida qabul qilish jarayoni boshlandi.

O‘tgan davr mobaynida ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama asosda savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish, o‘zi qamragan mintaqada tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

ShHT faoliyatida o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashuv, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qat’iy amal qilib kelinmoqda.

ShHT faoliyatida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish, ishbilarmonlar va moliya muassasalarining o‘zaro aloqalarini faollashtirish, jumladan, transport, infratuzilma, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, bank-moliya kabi sohalardagi hamkorlik rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shuningdek, fan, ta’lim, innovatsion texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va xavfsizlik kabi yo‘nalishlardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ushbu xalqaro tashkilot faoliyatidan o‘rin olgan muhim vazifalardandir.

Tashkilotning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ikki organi – Pekin shahrida joylashgan Kotibiyat va Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Kotibiyat ShHTning ijroiya muassasasi hisoblanib, tashkilot doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarning tashkiliy-texnik va axborot ta’minotini amalga oshirsa, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining asosiy vazifalari terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishiga qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqish, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olishdan iborat.

Bugungi shiddatli davrda hech bir global muammoni alohida bir davlatning sa’y-harakati bilan yechib bo‘lmaydi. Misol uchun, ekologiya va xavfsizlik muammolari jahon miqyosidagi faol hamkorlikni talab etadi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, 2010-yili O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida ShHT faoliyatida muhim tarixiy voqea sodir bo‘ldi – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning o‘sha yili aprel oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida Toshkentda BMT va ShHT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

Mazkur muhim hujjatning qabul qilinishi – ShHT bilan BMT o‘rtasida rasman yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik dolzarb masalalar yechimini topishda birgalikda harakat qilish uchun muhim zamin yaratdi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti tartib-qoidalariga asosan har yili a’zo davlatlardan biri unga raislik qiladi. 2015-yilning 11-iyulidan boshlab ShHTga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ShHTning asoschi davlatlaridan biri bo‘lib, mamlakatimiz shu kunga qadar ushbu tashkilotga ikki marotaba – 2003-2004 va 2009-2010-yillarda raislik qilgan. Bu davrlarda ShHT faoliyatini takomillashtirish, uning doirasida turli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid muhim hujjatlar va qarorlar qabul qilingan.

ShHT tashkil topganining 15-yilligi nishonlanadigan joriy yilda tashkilotga raislik qilish mo‘ljallangan rejalar ijrosini muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha mas’uliyatni yanada oshiradi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 21-yanvardagi Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi doirasidagi boshqa tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda ushbu yirik anjumanga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston ShHTdagi raisligi davrida mavjud an’analarga rioya qilib, a’zo davlatlar manfaatlariga mos amaliy va ishonchli hamkorlikni izchil kengaytirish va rivojlantirish, tashkilotning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirish tamoyillariga qat’iy amal qilmoqda.

Mamlakatimizning ShHTga raisligi doirasida tashkilot xalqaro aloqalarini yanada rivojlantirish, me’yoriy-huquqiy asosini mustahkamlash, uning Xartiyasidagi maqsadlar, vazifalar va tamoyillarga muvofiqlikni saqlagan holda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq tashabbuslarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish orqali tashkilot faoliyati samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Manba: O'zA