Mahsulotlar yetkazib berishda uzilish bo‘lmaydi
2016-02-18
Joriy yilda poytaxtimizdagi Eski jo‘va, Aviasozlar, Sergeli dehqon bozorlari zamonaviy qiyofada ta’mirlanadi. “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” aksiyadorlik jamiyatida qurilish ishlari davom etmoqda. Usti yopilib, yirik savdo kompleksiga aylanadigan bozorning ixtisoslashgan pavilyonlarida yuklarni mashinalardan tushirmasdan savdo qilish uchun sharoit yaratiladi.
Toshkent shahar hokimligida “Toshbozorsavdo” uyushmasining 2015-yildagi faoliyati sarhisobi va 2016-yildagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shular xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz dehqon bozorlari to‘kin va farovon bo‘lib borayotgani, ularda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi. Barcha bozorlarda sotuvchi va xaridorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan, iste’mol tovarlarining chakana savdosi va sanitariya holati tartibga solingan.
Bugungi kunda “Toshbozorsavdo” uyushmasi tizimida yigirmadan ziyod aksiyadorlik jamiyati va mas’uliyati cheklangan jamiyat mavjud. Ular yigirma bitta asosiy va oltmishdan ortiq kichik bozorlarni (shoxobchalarni) o‘z tarkibiga birlashtirgan. 2015-yilda bozorlar va savdo komplekslarida yig‘ilgan daromad 130,3 milliard so‘mni tashkil etgan.
Bozorlarda raqobatni rivojlantirish, aholiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz va arzon narxlarda yetkazib berishda «Elga xizmat» sho‘ba korxonasi muhim o‘rin tutmoqda. Poytaxtimizdagi 12 dehqon bozori va ularning shoxobchalarida oltmishdan ziyod savdo nuqtasi tashkil etilgan. Ularda piyoz, kartoshka, guruch, go‘sht, tovuq go‘shti, dukkakli mahsulotlarning uzluksiz va arzonlashtirilgan savdosi yo‘lga qo‘yilgan.
Dehqon bozorlarida go‘sht, tuxum va tirik baliq mahsulotlarining mo‘tadil narxlarini ta’minlash maqsadida chorvachilik va baliqchilik fermer xo‘jaliklariga, “Parrandasanoat” uyushmasi korxonalariga bozorlarining eng qulay joylaridan savdo nuqtalari ajratib berilgan.
2016-yilda bu boradagi ishlar sifatini yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, bahorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Surxondaryo viloyatida 250 gektarda uyushma buyurtmasi asosida ertapishar kartoshka, piyoz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Manba: O'zA