Yengil sanoat: ishlab chiqarish hajmi oshmoqda
2016-02-18
Milliy matbuot markazida “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida 2015-yil yakunlari sarhisob qilinib, mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida yangi korxonalar tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2015-yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“O‘zbekengilsanoat” ushbu hujjatga muvofiq korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2015-yilda tarmoq korxonalari tomonidan 3 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlari, 1 trillion so‘mdan ziyod xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarildi.
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari xorijiy bozorlardagi ishtirokini tobora kengaytirmoqda. Hisobot davrida eksport ko‘rsatkichlari 1 milliard dollardan oshgani, eksportchi korxonalar soni 254 taga yetib, bu aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarning 89 foizini tashkil etgani ham buning yorqin tasdig‘idir. Soha korxonalari eksport qilayotgan mahsulotlar tarkibiga bambukli, modal va aralash kalava, jakkard va rigel mato, yangi tur va modeldagi, turli rasmlar solingan tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlari kiritildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, umumiy eksport hajmida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar ulushi 42 foizga yetdi.
Bugun mamlakatimizda tayyorlanayotgan to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari dunyoning 55 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. O‘tgan yili mahsulotlarimizni Kolumbiya, Braziliya, Salvador, Pokiston, Gruziya, Xorvatiya, Nigeriya va boshqa mamlakatlarga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Tashqi savdo bozorlarini diversifikatsiya qilish, eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish maqsadida soha korxonalari Germaniya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Rossiya, Belarus, Latviya, Turkiya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkalarda ishtirok etdi.
Chet el investitsiyalarini jalb qilish, yangi zamonaviy korxonalar tashkil etish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish 2015-yilda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining muhim yo‘nalishi bo‘ldi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida sohaga 187,3 million dollar jalb etildi va bu 2014-yilga nisbatan 2,7 foizga ko‘pdir. 2015-yilda 33 yangi korxona ishga tushirilib, 12,5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Sport mahsulotlari ishlab chiqarish jamiyat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu munosabat bilan soha korxonalarida bolalar sport kiyimlari dizayni tayyorlanib, ularni ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Masalan, 2015-yilda qiymati 190,8 milliard so‘mdan ziyod shu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi va bu 2014-yilga qaraganda 12,2 foizga ko‘p.
Joriy yilda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishni davom ettiradi. Bu jarayonda eksport hajmini ko‘paytirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish va bolalar sport kiyimlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratiladi. 2016-yil oxiriga qadar eksport ko‘rsatkichlarini 1,1 milliard dollarga yetkazish, 32 investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida 24 yangi korxona tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgan 8 korxona modernizatsiya qilinadi. Buning samarasida yangi, jumladan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun ham 12 ming 700 ish o‘rni tashkil etilishi mo‘ljallanmoqda.
Manba: O'zA