Nuroniysi e’zoz, yoshlari iqbol topgan yurt
2016-02-15
O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi markaziy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu jamoat tashkilotining 2015-yilgi faoliyati atroflicha sarhisob etilgan yig‘ilishda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, jamg‘armaning joylardagi bo‘limlari mutasaddilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
“Nuroniy” jamg‘armasi markaziy kengashi raisining o‘rinbosari Sh.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan hayotga keng tatbiq etilgan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish, salomatligini mustahkamlashga doir ibratli ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish imkonini berganini ta’kidladi.
O‘tgan 2015-yil davomida nuroniylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, salomatligini yaxshilash, sog‘lomlashtirish masalasi doimiy e’tiborda bo‘ldi. «Jasorat, burch, matonat» shiori ostida yurtimizning barcha hududlarida, maktab, kasb-hunar kollejlarida yoshlarning keksa avlod vakillari bilan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi. Faxriylar uchun bayram dasturxonlari tuzalib, sovg‘alar topshirildi.
Mustaqillik bayrami arafasida Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda «Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik, shukronalik, halollik, tinch va osuda kunlarimizning qadriga yetishga undashda nuroniylarning ibratli hayot tajribasidan keng foydalanish doimiy e’tiborda bo‘ldi.
Keksalar uchun spektakllar, konsertlar, badiiy filmlar, ko‘rgazmalar namoyishi, muzeylarga tashriflar tashkil etildi. 28 mingdan ortiq urush va mehnat faxriysi uchun tarixiy shaharlar, muqaddas qadamjolarga sayohat va ziyoratlar uyushtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan tanlov asosida Kosonsoy tumanidagi «Qadrlash» faxriylar dam olish maskani uchun zarur jihozlar sotib olinib, tinch va osoyishta kunlarni qadrlashga chorlovchi kitoblar chop etildi.
Yig‘ilishda mazkur jamoat tashkilotining Sog‘lom ona va bola yilidagi rejalari belgilab olindi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA