Muxolif fraktsiya deputatlari qonun loyihasini muhokama etishdi
2016-02-11
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi muxolif fraktsiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yilning yanvar oyida parlament quyi palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mehnat muhofazasining huquqiy va institutsional asoslari yaratilgan bo‘lib, xodimlar xavfsizligini ta’minlash, sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ro‘yobga chiqarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi amaldagi Qonuni ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjatlardan biridir.
U qabul qilinganidan buyon 22 yildan ziyod vaqt o‘tdi. Ana shu davr mobaynida keng qamrovli islohotlar natijasida mehnatni muhofaza etish va mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlar sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan, shu jumladan, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar takomillashtirildi, mehnat muhofazasiga yondashuvlar ham o‘zgardi.
Deputatlar bahs-munozara va qizg‘in fikrlar almashinuvi davomida “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablariga hamda so‘nggi yillarda qabul qilingan me’yoriy hujjatlarga muvofiq emasligini alohida ta’kidladi.
Majlisda Demokratik kuchlar bloki tomonidan o‘z majlisida e’lon qilingan pozitsiyasi, ya’ni mehnat muhofazasiga mablag‘lar ajratish tartibini belgilashda kasaba uyushmalari tashkilotlari ishtirok etishi hamda xodimlarni ish beruvchi hisobidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi me’yorlarni yangi tahrirdagi qonun loyihasidan olib tashlash taklifi muhokama qilindi.
Muxolif fraktsiya deputatlari qayd etganidek, respublikada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji, ishlab chiqarish jarayonining zamonaviy texnika hamda ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlanishi, kichik biznesga yanada ko‘proq mehnat resurslari jalb qilinishi orqali mehnat xavfsizligi sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi talablari ijrosi bo‘yicha ish beruvchi va xodimlarning mas’uliyatini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqqan holda, ular parlament ko‘pchiligining ish beruvchilarning o‘z xodimlari salomatligini saqlashda manfaatdorligini hisobga olmaydigan pozitsiyasiga qarshi ekanligini bildirishdi.
Fraktsiya a’zolari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ixtisoslashtirilgan vakolatli davlat organining vakolatlari, shuningdek, ish beruvchi hamda xodimlarning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari va huquqlari, tashkilotlar faoliyati tugatilgan taqdirda ularning xodimga zararni qoplashi bo‘yicha javobgarligini belgilashga oid me’yorlarga alohida e’tibor qaratishdi.
Deputatlar fikricha, ish beruvchi tomonidan xodimga uning salomatligiga ziyon etgan taqdirda zararni qoplashi bo‘yicha me’yorlar aks ettirilishi xodimlar, ayniqsa, ayollar va voyaga etmaganlarning ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytiradi.
Fraktsiya a’zolari mazkur qonunning dolzarbligi va ijtimoiy ahamiyatini hisobga olib, qonun loyihasini keng jamoatchilik, kasaba uyushmalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarini jalb etgan holda, har tomonlama huquqiy hamda jamoat ekspertizasidan o‘tkazishni taklif etmoqda. Bu esa O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari va vazifalariga hamohangdir.
Manba: «Xalq So'zi»