Qonuniy asosda mehnat qilish chet elda ishlovchilar huquqlarini kafolatlashning muhim shartidir

2016-02-11

Ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning jadallashuvi bilan shaharlar, mamlakatlar va qit’alar tobora yaqinlashib, kurrai zamin bo‘ylab harakatlanish butunlay osonlashdi.

Avvallari oylar davomida mashaqqatli safar evaziga bosib o‘tilgan masofa bugungi kunda bir necha soatlarda qulay aviaparvoz yordamida egallanmoqda. Bunday voqeliklar, o‘z navbatida, mehnat bozori integratsiyasiga keng yo‘l ochdi.

Ekspertlar ishchi kuchi xalqaro migratsiyasining global iqtisodiy munosabatlarga sezilarli darajada ta’sirini qayd etgan holda, ushbu jarayon mehnat resurslarini qabul qilayotgan va uning eksportini amalga oshirayotgan mamlakatlar uchun ham foydali ekanligini ta’kidlashmoqda. Avvalo, ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi, ichki mehnat bozorida sog‘lom raqobat yaratiladi. Qolaversa, valyuta tushumlarining qo‘shimcha manbalari paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, fuqarolar xorijda ishlash asnosida yangi kasblarni o‘zlashtirishadi, tajriba va bilimlarini oshirib, o‘z Vataniga qaytganida, ularni hayotga samarali tatbiq etishadi. Albatta, ushbu ijobiy yutuqlarga mehnat migratsiyasining huquqiy jihatlariga amal qilingandagina erishish mumkin.

O‘zbekiston xalqaro mehnat bozorining to‘laqonli a’zosi sifatida ushbu global jarayonlardan chetda qolgani yo‘q. Konstitutsiyamizda mehnat huquqi, harakatlanish erkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shu sababli fuqarolarimiz xorijga ishlash, tajriba orttirish uchun chiqishga haqlidirlar.

Ushbu masalalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan tartibga solinadi. Xorijda ishlashni xohlovchilarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani, shuningdek, ushbu idora faoliyatining boshqa jihatlariga oid savollarimizga mazkur agentlik yuristi Aziz INAKOV javob berdi.

— Aytingchi, agentlik tomonidan fuqarolarning xorijda ishga joylashishiga qanday ko‘mak berilayapti hamda qaysi yo‘nalishlarda qonuniy mehnat migratsiyasi amalga oshirilmoqda?

— Huquqiy normalarga muvofiq, mehnat migratsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratish va ruxsatnomalar berish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish, uni muvofiqlashtirish, shuningdek, ro‘yobga chiqarishga ruxsatnomalar berish hamda boshqalar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vazifalari hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida faqat Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi hamda Toshkent, Farg‘ona, Qarshi va Nukus shaharlarida joylashgan Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi mintaqaviy byurolarning ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga chiqish huquqiga egadirlar.

Yuqorida qayd etilgan qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan mehnat migratsiyasi yo‘nalishlaridan ikkitasini shartli ravishda ko‘rsatib o‘tish mumkin. Birinchisi — bu agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma bo‘yicha xususiy mehnat shartnomasi asosida fuqarolarning xorijga chiqishi hisoblanadi. Bunda hamyurtlarimiz chet elda ish beruvchini mustaqil topadilar.

Fuqarolar agentlikka ariza, xorijiy firmadan (ish beruvchidan) olingan davlat tiliga tarjima qilingan, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sug‘urta ko‘rsatilgan, shuningdek, mehnat vizasi bilan ta’minlash borasida ish beruvchining majburiyati nazarda tutilgan holda notarial tasdiqlangan kontrakt nusxasi, ish beruvchi to‘g‘risidagi qisqa ma’lumotlar, ma’lumotnoma, tibbiy sug‘urta topshiradi, davlat bojini to‘laydi. Agentlik hujjatlarni idoralararo komissiyaga kiritadi. Agar komissiya ijobiy qaror qabul qiladigan bo‘lsa, fuqaroga chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma beriladi. So‘nggi ikki yil davomida Chexiya, Shveytsariya, Frantsiya, BAA, Hindiston va boshqa mamlakatlarda ishlash uchun shunday ruxsatnomalar berilgan.

Mehnat migratsiyasining ikkinchi yo‘nalishi agentlik orqali amalga oshiriladi. Bundan juda ko‘pchilik foydalanadi. “Erkin yollash”, deb nomlangan ushbu tizim O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi o‘rtasida ishchilarni ushbu mamlakatga yuborish to‘g‘risida 2006 yilda imzolangan Anglashuv memorandumiga muvofiq amalga oshiriladi.

— “Erkin yollash” tizimining o‘ziga xos jihatlari nimada? Kimlar ushbu dasturda ishtirok etishlari mumkin?

— Koreya Respublikasida ishlashning asosiy talablaridan biri koreys tilini bilish hisoblanadi. Nomzod 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lishi, sudlanmagan, ushbu davlatdan deportatsiya qilinmagan hamda mamlakatimizda xorijga chiqishi chegaralanmagan bo‘lishi zarur. Mazkur talablarga javob beradiganlar koreys tili bo‘yicha test sinovida qatnashishi mumkin. Shuni aytish joizki, koreys tilidan test sinovi uchun ro‘yxatdan o‘tish hamda unda ishtirok etish ommaviy axborot vositalarida hamda agentlikning www.migration.uz saytida avvalroq e’lon qilinadigan joy va muddatda o‘tkaziladi.

Nomzod koreys tili bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgach, belgilangan tibbiyot muassasasida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Shuningdek, pasport, uning ikkita nusxasini, davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qiladi hamda agentlikda ariza to‘ldiradi. Shundan so‘ng, anketa ma’lumotlari Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmatiga topshiriladi va nomzodlarni saralab olishning barcha jarayoni ushbu davlat tomonidan amalga oshiriladi.

Har bir ish izlovchi haqidagi ma’lumot Inson resurslarini rivojlantirish xizmati ma’lumotlar bazasida ikki yil saqlanadi va mazkur muddat tugagach, kompyuterdan avtomatik tarzda o‘chiriladi. Ushbu idora orqali Janubiy koreyalik ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzadi. Koreya Respublikasi Adliya vazirligi esa mamlakatga jalb qilinayotgan barcha ishchi ro‘yxatini tasdiqlaydi hamda o‘sha asosida immigratsiya xizmati viza beradi.

Hamma jarayon bo‘yicha qaror qabul qilingach, agentligimiz hamma zarur hujjatlarni rasmiylashtirishni yakunlab, o‘zbekistonlik ishchilarning Koreya Respublikasi tarafi bilan kelishilgan jadval asosida aviachiptalarni xarid qilishi hamda mamlakatdan chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Ishga joylashish bo‘yicha xarajatlarni ish izlovchining o‘zi qoplaydi.

Sanab o‘tilgan jarayon juda ham oson va tez amalga oshadigandek ko‘rinmasligi mumkin. Ammo aynan mamlakatdan chiqib ketishdan oldin sifatli o‘qish va moslashish, tibbiy bilimlarning oshirilishiga oid tizim O‘zbekiston va Janubiy Koreya manfaatlariga xizmat qiladi. 2007 yildan beri 22,5 ming nafardan ortiq hamyurtlarimiz Koreya Respublikasi korxonalarida ish bilan ta’minlangani, hozirgi kunda 15,1 ming nafardan ziyod o‘zbekistonliklar ushbu mamlakatda mehnat qilayotgani ham uning samaradorligidan dalolatdir.

— Fuqaro xorijda qonuniy asosda ishlamoqda. O‘zga davlatda uning huquqlari ta’minlanishiga kafolat bormi?

— Ha, shubhasiz. Tasdiqlangan jadvalga muvofiq, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi har chorakda Koreya Respublikasida fuqarolarimizning huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlashning monitoringini olib boradi. Ushbu jarayonni Inson resurslarini rivojlantirish xizmati rahbariyati va mas’ul xodimlari, O‘zbekiston elchixonasi vakillari bilan hamkorlikda amalga oshiramiz. Bu sa’y-harakatlar yuzaga kelgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda uni bartaraf etish imkonini bermoqda.

Janubiy Koreyada hamyurtlarimiz, asosan, ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritishadi. Shu sababli agentligimiz vakillari turli shaharlardagi korxonalarga tashrif buyurib, ular sanitariya-gigiena normalariga muvofiq shart-sharoitlarda ishlayotgani, maxsus kiyim-kechak bilan ta’minlangani, ish vaqti Koreya Respublikasida qabul qilingan standartlarga binoan chegaralanishi, korxonalarda dam olish xonalari borligi, maoshi o‘z vaqtida to‘lanayotganini o‘rganib chiqishadi va ishonch hosil qilishadi. Bundan tashqari, ular ish beruvchi tibbiy va boshqa sug‘urtalar bilan ta’minlaganini tekshirishadi. Barcha kamchiliklar Koreya Respublikasida Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan hamkorlikda hal qilinadi. Bu yozma shaklda, telefon yoki internet, xususan, agentlik saytining maxsus bo‘limi orqali kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishga ham taalluqlidir.

Shuni aytib o‘tish kerakki, o‘tgan davr mobaynida qonuniy asosda ishlayotgan hamyurtlarimizning manfaatlari qo‘pol ravishda buzilgan holatlar qayd etilmagan. Janubiy koreyalik ish beruvchilar yurtdoshlarimizning mehnatsevarligiga, kasb-hunar kollejlarida olgan bilim va malakalariga, ishlab chiqarishdagi ixtisosligiga yuqori baho berib, boshqacha aytganda, ularga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishadi. Shuning uchun ham Koreya Respublikasi o‘z korxonalariga dunyoning 16 mamlakatidan, jumladan, O‘zbekistondan xodimlarni jalb qiladi.

— Yurtimiz aholisi uchun yana qaysi mamlakatlarda yangi ish o‘rinlari ochilishi mumkin?

— Hozirgi kunda bir necha yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Xususan, Yaponiya bilan hamkorlikni kengaytirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Yaponiyaning ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolangan. Agentligimiz ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini “Kunchiqar yurt”ga texnik stajirovkaga yuborishni ta’minlaydigan vakolatli organ sifatida belgilangan. Bugungi kunga qadar yaponiyalik sheriklar bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Natijada “Chuo Sangyo Shinko” assotsiatsiyasi bilan bitim imzolandi. Unga muvofiq, respublikamizning yapon tilini biladigan va tegishli ixtisoslikka ega fuqarolari ushbu mamlakatda stajirovka o‘tashlari mumkin.

Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazining “Uno” korporatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari natijasida ishchilar chet elga borishdan oldin malakalarini yanada mustahkamlash uchun maxsus bo‘lim tashkil qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Yaponiya korporatsiyasi bosh ofisida O‘zbekiston — Yaponiya axborot markazi ishga tushiriladi.

Rossiya Federatsiyasi bilan mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishga oid hukumatlararo bitimni amalga oshirish doirasida qo‘shma ishchi guruhining bir qator uchrashuvlari o‘tkazilib, ularda ishchilarni MDHga a’zo davlatlarga tashkillashtirilgan holda jalb qilish mexanizmlari muhokama etildi. Respublikamiz fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun ularni ishga yollashni tashkillashtirish to‘g‘risida bitim loyihasi ko‘rib chiqilish bosqichida turibdi.

Shuningdek, chet el mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida Polsha, O‘mon Sultonligi va boshqa davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik o‘rnatilmoqda. Muzokaralarda mamlakatimiz vakillari fuqarolarimizga barcha ijtimoiy, huquqiy va boshqa kafolatlarni taqdim qilish zarurligini ta’kidlashayotir.

Manba: «Xalq So'zi»