Tadbirkorlik – iqtisodiyot tayanchi

2016-02-10

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi markaziy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi qabul qilindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotimizdagi salmoqli hissasi bilan davlat va jamiyatni rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Mamlakatimizda ushbu sektorni jadal rivojlantirish maqsadida qulay sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar yaratish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ustuvor vazifa etib belgilangan. Buning samarasida so‘nggi 15-yilda yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 1,8 barobar oshib, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 56,7 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda ushbu sohada jami sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi ishlab chiqarilmoqda. Ish bilan band jami aholining 77 foizdan ortig‘i ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov 2015-yilda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Jumladan, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, mahsulotlar eksportiga ko‘maklashish, investitsiyalar jalb etish va korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari qoshida 135 axborot-maslahat markazi, jumladan, 5 o‘quv markazi faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili ular tomonidan ta’sis hujjatlari, biznes rejalar tayyorlash, buxgalterlik hisobini yuritish, sug‘urta qilish va boshqa biznes jarayonlar bo‘yicha qariyb 39 ming xizmat ko‘rsatildi.

Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaat va huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari qoshida hakamlik sudlari faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida ular tomonidan 1,1 mingdan ortiq ish va da’vo arizasi ko‘rib chiqildi.

Savdo-sanoat palatasi va uning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbirkorlar kunlari o‘tkazilmoqda. 2015-yilda shunday tadbirlarda mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi. Ulardan turli masalalar bo‘yicha 17 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning aksariyati joylarda ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mamlakatimiz tadbirkorlari va xorijlik sheriklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga ko‘maklashganini ta’kidlash joiz. Chunonchi, 2015-yilda xorijiy ishbilarmon doiralar ishtirokida 20 dan ortiq kooperatsiya birjasi va biznes-forum tashkil etildi. Shuningdek, 183 tadbirkorning xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan 49 ko‘rgazma va yarmarkada ishtirok etishi ta’minlandi. O‘tkazilgan tadbirlar yakuni bo‘yicha qariyb 90 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

– Bugun har bir tadbirkor davlatimizning e’tibori va qo‘llab-quvvatlashini his qilmoqda, – deydi pishloq tayyorlaydigan «Tillo Domor» xususiy korxonasi direktori Umarbek Sharipov. – Ayni paytda korxonamizda 20 turdagi pishloq mahsulotlari tayyorlanmoqda. Savdo-sanoat palatasi ko‘magida «Menejmentni o‘qitish dasturi» loyihasi doirasida Bolgariya kompaniyalarida malaka oshirib, echki sutidan oliy navli pishloq tayyorlash texnologiyasini o‘rgandim. Tez orada ishlab chiqarishni o‘zlashtiramiz va yurtdoshlarimizni yangi turdagi mahsulotlar bilan xursand qilamiz.

Yirik va kichik korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, tadbirkorlarning kredit va xomashyo resurslaridan foydalanishini kengaytirish hamda boshqa yo‘nalishlar Savdo-sanoat palatasining joriy yildagi ustuvor vazifalari etib belgilandi.

Manba: O'zA