Hay’at majlisi

2016-02-04

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2015-yil yakunlari va 2016-yildagi vazifalariga bag‘ishlangan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida madaniyat va sport rivojiga qaratilayotgan e’tibor tufayli 2015-yilda ham ushbu sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.

2015-yili teatrlarimiz tomonidan 11 mingdan ortiq spektakl, “O‘zbeksirk” respublika birlashmasi tomonidan 800 ga yaqin tomosha dasturi tayyorlanib, xalqimizga namoyish etildi. Madaniyat saroylarida 104 mingdan ziyod madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, hayvonot bog‘lari, muzeylar tomonidan o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirlar yosh avlodda katta qiziqish uyg‘otdi. Yuzdan ortiq madaniyat va aholi dam olish markazi, o‘ttizdan ortiq madaniyat va istirohat bog‘i ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

“Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivali, “Bahor simfoniyasi”, “Yoshlik bahori” kabi konsertlar mamlakatimiz va xalqaro miqyosda alohida e’tirof etildi. O‘zbekiston badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston milliy simfonik, kamer va xalq cholg‘ulari orkestrlari jamoalari birlashmasi tomonidan tashkil etilgan rang-barang konsert dasturlari ko‘plab iste’dodli yoshlarning yuzaga chiqishiga ko‘maklashdi.

Aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb etish izchil davom ettirildi. Qariyb sakkiz ming ommaviy sport tadbiri, sog‘lomlashtirish aksiyalari, qiziqarli loyihalar, musobaqalar o‘tkazilib, ularga 1,6 milliondan ortiq ishtirokchi qamrab olindi. Sportchilarimiz uch yuzga yaqin xalqaro musobaqada ishtirok etib, 311 oltin, 274 kumush, 276 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Yig‘ilishda 2016-yilda madaniyat va sport sohasini yanada rivojlantirish uchun bir qator ishlarni amalga oshirish, ayniqsa, qizlarni ko‘proq sportga jalb etish, iste’dodli yoshlar safini yanada kengaytirish yuzasidan istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA