«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi
2016-02-03
Keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining barcha jabhadagi roli va ahamiyati ayni paytda tobora ortib bormoqda.
Binobarin, Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida bugungi sharoitda, internet va elektronika davrida iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, “Elektron hukumat” tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bugun hayotning o‘zi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish biznes yuritishni yaxshilashga, milliy iqtisodiyotimizda raqobatdoshlikni oshirishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishini ko‘rsatib turibdi. Zero, davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot texnologiyalarini keng qo‘llash uning ochiqligini ta’minlashda, muhim qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolarning faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratishda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal taraqqiy toptirishda muhim omil hisoblanadi.
Misol uchun, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Ochiq ma’lumotlar portali, davlat organlarining rasmiy veb-saytlari, axborot resurslari va tizimlari, ularning majmualari hamda boshqa resurslar samarali faoliyat yuritmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 260 dan ziyod davlat xizmatlari joriy qilingani fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda qulayliklar yaratayapti. Ochiq ma’lumotlar portalida esa oltmishga yaqin tashkilotning 600 dan ortiq ochiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirilgan. Shu bilan birga, elektron raqamli imzolarning amaliyotda keng qo‘llanilayotgani, o‘z navbatida, soliq va statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirishga imkon bermoqda. Bojxonada yuklarni deklaratsiya qilish ham bevosita AKT ko‘magida amalga oshirilayotganligi e’tiborga molik jihatdir.
Davlatimiz rahbarining 2013 yil 27 iyundagi qaroriga binoan qabul qilingan 2013 — 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimini joriy qilish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun dastlabki muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, 2015 yil 6 martdagi qarori bilan tasdiqlangan 2015 — 2019 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish manzilli dasturi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi va “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonunlar ushbu jarayonda mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilayapti.
2015 yilning 9 dekabrida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni esa bu boradagi ishlarning yangi zamonaviy bosqichini boshlab berdi. Unda belgilanganidek, elektron hukumat — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimidir.
Ta’kidlash joizki, mazkur Qonun davlat organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni rivojlantirish va elektron hukumat sohasini takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bois uni har tomonlama pishiq, puxta tayyorlashda soha mutaxassislari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, tadbirkorlardan iborat ekspert guruhi a’zolaridan olingan takliflar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Joylarda o‘tkazilgan muhokamalarda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar ham atroflicha o‘rganildi. E’tiborli jihati, bugun fuqarolar parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlarning ahamiyatiga, hayotimizga qay darajada kerakligiga oid tushunchaga ega bo‘lib bormoqda. Albatta, bu kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim omilidir.
Joriy yilning iyun oyidan kuchga kiradigan mazkur huquqiy hujjat davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarini yanada soddalashtirish, sarf-xarajatlarni kamaytirish, ish unumi hamda sifatini oshirishga va eng muhimi, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi. Qonun asosida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun mamlakatimizning barcha hududida davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” printsipi joriy etildi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini statistika va boshqa hisobotlarni taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar berish, davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratildi.
Qayd etish lozimki, mazkur huquqiy hujjat davlat boshqaruvida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq bir qator ustuvor vazifalarni o‘zida qamrab olgani bilan ham dolzarb ahamiyatga egadir. Xususan, unda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish va joriy etish, boshqaruv hamda ishlab chiqarish jarayonlarini bosqichma-bosqich avtomatlashtirish, shuningdek, davlat organlarining axborot tizimlarini elektron hukumat tizimiga integratsiyalash kabi masalalar belgilangan.
Xalqaro huquqiy hujjatlar va ilg‘or xorijiy mamlakatlar qonunchiligi bilan qiyosiy tahlildan o‘tkazilgan ushbu Qonun endilikda davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga elektron davlat xizmatlari taqdim etilishini yaxshilash, jamiyat hayotining turli sohalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, qabul qilinayotgan qarorlar ijrosining tezkorligi va sifatini oshirish, tegishli axborot tizimlarini yaratish hamda ularning ishlashi hisobiga davlat boshqaruviga sarflanadigan ma’muriy xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.
Umuman aytganda, ushbu Qonun asosida mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimini joriy qilish davlat organlari faoliyatining samaradorligi, ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga, turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, iqtisodiyotimizning jadal sur’atlar bilan rivojlanishiga, shuningdek, fuqarolik jamiyati shakllanishida davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro teng hamda manfaatli munosabatlarni rivojlantirishning muhim mexanizmini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Erkin XOLBO‘TAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari.
Manba: «Xalq So'zi»