Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2016-02-02

Hay'at yig‘ilishida 2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va Vazirlar Mahkamasining shu yil 15-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini so‘zsiz amalga oshirishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalari, tuman va shaharlar iqtisodiyot bo‘limlari oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Hay'at yig‘ilishida ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Sodiqovich Azimov ma'ruza qildi.

Tadbirda, shuningdek:

Investitsiya dasturida ko‘zda tutilgan inshootlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish, yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalari oldida turgan vazifalar to‘g‘risida vazirning birinchi o‘rinbosari B.Xo‘jayev;

2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan hududiy dasturlar bilan uyg‘unlikda amalga oshirishda vazirlik va uning tarkibiy bo‘linmalarining vazifalari to‘g‘risida vazir o‘rinbosari Sh. Fayzullayev;

Yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgartirishlar va islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha vazirlik va uning tarkibiy bo‘linmalarining vazifalari to‘g‘risida vazir o‘rinbosari S. Shermatov;

Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksporter-korxonalarni, ayniqsa, eksportda fermer xo‘jaliklari, kichik va xususiy biznes ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Sh. Ismoilovlar so‘zga chiqishdi va tegishli mavzular yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berishdi.

Hay'at yig‘ilishi tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tdi.