Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2016-01-29
kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirlikning Hay’at a’zolari, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbar xodimlari, vazirlik tasarrufidagi hududiy organlar, ta’lim va davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov ochib berdi va olib bordi.
Hay’at yig‘ilishida kun tartibiga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi. Asosiy masalalardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan farmon va qarorlari talablarining ijrosi haqida sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng 2015 yil "Keksalarni e’zozlash yili" Davlat dasturi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan kelib chiqqan holda 2016 yilda tizimga doir amalga oshiriladigan istiqbolli reja va chora-tadbirlar xususida vazir A.Alimov bergan ma’lumotlar tinglandi.
Kun tartibining navbatdagi masalasi hisoblangan – Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashi o‘rtasida 2013-2015 yillar uchun tuzilgan ikki tomonlama Tarmoq kelishuvining bajarilish yakuni to‘g‘risida va boshqa bir qator qo‘shimcha masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashi raisi F.Xanapiyaev ma’ruza qildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat olib borayotgan xalqaro davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlar hamda tibbiyot sohasi mutaxassislarini (vrachlar, hamshiralar) xorijiy mamlakatlarning etakchi tibbiyot markazlari, klinikalari va OO‘Yulariga qayta o‘qitishga, ixtisoslashuv va stajirovkalarga yuborish tajribasi va istiqbollari xususida Sog‘liqni saqlash vazirligining Tashqi iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari U.Xayrullaev bergan ma’lumotlar tinglandi.
Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligining Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i O‘.Abilov Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 25 avgustdagi "Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida" gi PQ-451-sonli Qarorining ijrosi haqida ma’ruza qildi.
Hay’at yig‘ilishida asosiy masalalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglab bo‘lingach, bir qator qo‘shimcha masalalar muhokama qilindi. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimida tug‘ilganlik va o‘limni elektron ro‘yxatga olish axborot tizimini joriy etish bo‘yicha sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari A.Xudayarov hamda vazir o‘rinbosari L.Tuychiev ma’ruza qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 21 yanvardagi 14-sonli “Shifokorlarni muntazam attestatsiyadan o‘tkazish va oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini belgillash tizimini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi tibbiyot tashkilotlari shifokorlarini egallab turgan lavozimiga muvofiqligi yuzasidan muntazam attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida o‘tkaziladigan attestatsiya bo‘yicha vazir o‘rinbosari L.To‘ychiev ma’lumot berdi.
Yig‘ilishning keyingi masalasi – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 yanvardagi 15 sonli “Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilagan investitsiya loyihalarini loyihalashtirish ishlarini va ekspertizadan o‘tkazishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi Qarori xususida vazirlikning Tibbiyot muassasalaridan kompleks foydalanish boshqarmasi boshlig‘i B.Ergashev ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 21 yanvardagi 14/09-06-2-sonli majlis bayoni va 2016 yil 26 yanvardagi 18 OPP-2 sonli topshirig‘ining ijrosini bajarish maqsadida vazirlik tizimidagi DPMlarda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli «Ijro intizomini mustahkamlash to‘g‘risida»gi Qarori talablarining joylarda bajarilishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi Nazorat inspektsiyasi boshlig‘i A.Agzamov bergan ma’lumotlar bilan tanishib chiqishdi.
Asosiy va qo‘shimcha masalalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglab bo‘lingach, mazkur masalalar yuzasidan vazirlik Hay’atining tegishli qarorlari qabul qilindi.