Sarhisob va rejalar
2016-01-29
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2015-yildagi faoliyati yakunlari hamda joriy yildagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda avtomobil transporti xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuqori samaralar berayotganini ta’kidladi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bo‘lgani kabi avtomobil transporti xizmatlari bozorida ham raqobat muhiti shakllantirilgan. Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari uchun ochiq tender tanlovlari o‘tkazilayotgani, tashuvchilarga teng va keng sharoit yaratilayotgani samarasida xizmat ko‘rsatish sifati oshmoqda.
2015-yilda o‘tkazilgan 133 ochiq tender asosida 1116 yo‘lovchi tashish yo‘nalishi xo‘jalik subyektlariga berilgan. Tijorat asosida foydalanish maqsadida 587 yuk avtomobili, 85 mikroavtobus va 445 yengil avtomobil xarid qilingan. 65 yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etilgan. Ko‘plab daryo transporti vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yangilari ro‘yxatga olingan.
Agentlik va uning barcha hududiy bo‘limlarida litsenziya berishning soddalashtirilgan tartibi – “yagona darcha” tamoyili joriy etilgan. O‘tgan yili xo‘jalik subyektlariga 2785 litsenziya va 182 ming donadan ziyod litsenziya varaqasi berilgan.
Hukumatlararo bitimlar doirasida 24 xorijiy mamlakatning transport bo‘yicha vakolatli organlari bilan xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun 30 ming 520 dona ruxsatnoma blankasi teng huquqlilik asosida almashtirilgan.
Joriy yilda avtotransport xizmatlari va servisni yanada rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish hamda tashuvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan.
Anjumanda jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Manba: O'zA