Prokuratura organlarining 2015 yildagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi
2016-01-29
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hay’atining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Bosh prokuratura hamda Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti rahbariyati, xodimlari, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar hamda departamentning hududiy boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdilar.
Hay’at majlisida O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2015 yildagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda prokuratura organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ularning manfaatlarini ishonchli himoya qilish, bu boradagi qonun hujjatlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 15.05.2015 yilgi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilganligi qayd etildi.
Xususan, mas’ul idoralar bilan hamkorlikda 1.060 ta huquqiy hujjatlar inventarizatsiya qilinib, 43 ta qonunga 137 ta o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida tayyorlangan qonun qabul qilindi.
Qonunlar mazmun-mohiyatini bevosita ijrochilar va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 27.925 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 7.383 nafar tadbirkorning huquqlari tiklandi, 15 mingdan ortiq tadbirkorlarga turli masalalarda amaliy-huquqiy yordam ko‘rsatildi, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 5.800 dan ziyod tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tiklandi.
Majlisda prokuror nazorati tadbirlarida qonunbuzilishning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish, huquqni qo‘llash soxasida yagona amaliyotni shakllantirish, shu jumladan, qonunchilikni takomillashtirish va prokuror nazorati amaliyotining sifati va ta’sirchanligini oshirishning barcha choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, aholini ijtimoiy himoyalash, sog‘lig‘ini saqlash va bandligini ta’minlashga oid qonunchilik hamda “2016 yil – sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan bu boradagi tadbirlar ijrosi yuzasidan, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga oid hisobotlarning haqqoniyligi ustidan doimiy nazorat olib borish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Voyaga yetmaganlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ijtimoiy himoyalash, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish hamda erta turmush holatlarining oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va bu boradagi mutasaddi idoralar bilan hamkorlik samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, prokuratura organlari faoliyati oshkoraligini hamda jamoatchilik nazorati tamoyillarini ta’minlash borasida, shuningdek, boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda 2015 yil davomida prokuratura va Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti organlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar keskin tanqid qilinib, bunga yo‘l qo‘ygan viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar hamda Departament rahbariyati va hududiy boshqarmalari boshliqlarining tushuntirishlari eshitildi.
Hay’at majlisida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Bosh prokuraturaning
Tashkiliy-nazorat
va tahlilot boshqarmasi