DAVLAT DASTURI MUHOKAMASI

2016-01-29

Istiqlol yillarida mamlakatimizda yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirgan har tomonlama barkamol avlodni voyaga etkazish, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Hammamizga ma’lumki, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturlari 2012 va 2013 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonlari, 2014 yilda Prezidentimizning qarorlari bilan hamda 2015 yilda “Kamolot” YoIH Vasiylik Kengashining tegishli bayoni bilan tasdiqlanib, amaliyotga joriy qilingan edi.

Yuqoridagilarning davomi sifatida “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi” qabul qilindi.

Ushbu voqelikning o‘zi ham mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish chora-tadbirlariga naqadar katta e’tibor qaratilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Buxoro viloyati IIBda “Buxoro viloyatida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”da belgilangan “Voyaga etmaganlar va yoshlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish” mavzusida bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilish ham aynan ushbu masalalarga bag‘ishlandi.

Tadbirda viloyat IIB xodimlari, viloyat prokuraturaturasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, adliya boshqarmasi, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo va Voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalari, davlat boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari vakillari hamda OAV mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga etkazishga alohida e’tibor qaratish lozimligi, ushbu vazifalarni bajarishda hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatda o‘tgan 2015 yilda xotin-qizlarning, ayniqsa 30 yoshgacha bo‘lganlarning huquqbuzarligi va jinoyatchiligi, erta nikoh, erta tug‘ruq holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarni ish bilan bandligini ta’minlash borasida, ichki ishlar idoralari profilaktik hisobida turgan voyaga etmaganlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarning ahvoli, maqsad va vazifalari, muammo va takliflar to‘g‘risida ham gapirib o‘tildi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan ishtirokchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilib, berilgan savollarga javoblar berildi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning faolligini yanada oshirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, ish bilan ta’minlash, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni oldini olish kabi masalalar yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida kelishildi hamda vazifalar belgilab olindi.

Manba: buxoro.adliya.uz