Berlinda O‘zbekiston mahsulotlari eksporti bo‘yicha qiymati 91,2 million AQCh dollariga teng bo‘lgan shartnomalar imzolandi
2016-01-28
O‘zbekiston o‘tgan hafta Germaniya poytaxbida bo‘lib o‘tgan “Yashil hafta-2016” Oziq-ovqat sanoati, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasida o‘zining agrosanoat salohiyatini munosib ravishda namoyish etdi.
Respublikamizning 180 kvadrat metr sahndan iborat milliy bo‘lmasida sarxil meva-sabzovotlar, ziravorlar, poliz, yog‘-moy, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari va boshqa turli noz-ne'matlarning boy to‘plami namoyish qilindi.
“Yashil hafta-2016” ko‘rgazmasi kunlari O‘zbekiston bo‘lmasiga minglab mehmonlar - biznes vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari hamda Germaniya, butun Yevropa mintaqasi davlatlari va dunyoning boshqa mamlakatlarining vakillari kelishdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki samarali bo‘ldi. O‘zbekiston mahsulotlari eksporti bo‘yicha qiymati 91,2 million AQSH dollariga teng bo‘lgan shartnomalarning imzolangani buni tasdiqlaydi. O‘lkamiz mahsulotlari dunyoning 11 mamlakatiga, jumladan, Germaniya, Belgiya, Finlyandiya, Chexiya, Xorvatiya, Polsha, Latviya, Litva, Turkiya va boshqa mamlakatlarga yetkaziladi.
“Jahon” axborot agentligining Berlindagi muxbiri O‘zbekiston bo‘lmasi mehmonlarining ayrimlari bilan suhbatda bo‘lib, ular orttirgan taassurotlar bilan qiziqdi.
Bavaraiyalik tadbirkor Matias Kleyngens O‘zbekiston bilan, uning ulkan salohiyati bilan yaqindan tanishganidan mamnun bo‘lganini ma'lum qilar ekan, yuksak did bilan bezatilgan, respublika iqtisodiyotining agrosanoat jabhasidagi imkoniyatlarni o‘zida yaqqol ifoda etgan mamlakatimiz bo‘lmasi ko‘rgazma davomida ko‘pchilikning e'tiborini o‘ziga jalb etganini aytdi.
- Bu yerda mamlakatingizning zamonaviy taraqqiyoti, uning e'tiborga molik iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati munosib ravishda taqdim etildi, - dedi u. - Respublikangiz bo‘lmasiga kelganlar saxiy o‘zbek zaminida yetishtirilgan noz-ne'matlardan tatib ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lishar ekan, ularning ajoyib ta'mi va sifatiga yuqori baho berdilar. Umid qilamanki, hademay O‘zbekistonda yetishtirilgan shirin-shakar qovunlar va boshqa quruq mevalar Germaniyaning va, albatta, Bavariyaning supermarketlarida ham paydo bo‘ladi. Ishonchim komilki, O‘zbekistonning bunday xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi mamlakatingiz mahsulotlarini jahon bozorida faol ilgari surishga ko‘maklashadi.
O‘z navbatida, germaniyalik biznesmen Folker Shreder ham mamlakatimizning «gastronomiya nuqtai nazaridan jozibadorligini» e'tirof etar ekan, quyidagi fikrlarini bildirdi:
- Uzumchilik va sharob ishlab chiqarish sohasining mutaxassisi sifatida har yili “Yashil hafta” ko‘rgazmasi davomida boshqa mamlakatlarning tajribasi va erishgan muvaffaqiyatlari bilan qiziqaman. Shunisi quvonarliki, O‘zbekiston sharob ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, ularni dunyo mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha salmoqli ishlarni hayotga tadbiq etmoqda. Tarmoq korxonalarining Berlindagi bu nufuzli ko‘rgazmada faol ishtirok etayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. O‘zbekiston bo‘lmasida yurtingizda ishlab chiqarilgan sharoblarning namunalaridan tatib ko‘rar ekanman, ular sifati va ta'mi jihatidan Yevropa mahsulotlaridan sira qolishmasligiga amin bo‘ldim.
Eslatib o‘tamiz, har yili Berlinda bo‘lib o‘tadigan “Yashil hafta” Oziq-ovqat sanoati, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasi jahonda bu yo‘nalishdagi eng yirik anjuman hisoblanadi. Tashkilotchilarning ma'lumotlarida qayd etilishicha, joriy yili mazkur ko‘rgazmada dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 2 mingdan ziyod eksponent ishtirok etdi. Ko‘rgazma ishi qariyb 5 ming nafar jurnalist tomonidan yoritildi.