Tadbirkor uchun imtiyozlar
2016-01-28
Samarqandda Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va viloyatdagi soliq, huquq-tartibot idoralari, bojxona xizmati vakillari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar rahbar va mas’ul xodimlari, tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotni erkinlashtirish, soliq yukini bosqichma-bosqich kamaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
– Keyingi yillarda sohaga oid qonunchilikning takomillashtirilishi tufayli tadbirkorlik subyektlariga ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bosh inspektori K.Saidov. – Ularning huquqiy himoyasini mustahkamlash, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaymoqda. Jumladan, joriy yilgi soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mikrofirma va kichik korxonalardan undiriladigan yagona soliq to‘lovi stavkasi o‘tgan yilga nisbatan ikki yarim barobar kamaydi. Xizmat ko‘rsatish sohasidagi kichik korxona va mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovi o‘tgan yilgi 6 foizdan 5 foizga pasaytirildi. Bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi bojxona brokerlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 1 foizli punktga pasaytirilib, 5 foiz etib belgilandi. Qo‘llanilayotgan bunday imtiyozlar mikrofirma va kichik korxonalarga mablag‘ni tejash va faoliyatni yanada kengaytirish imkoniyatini bermoqda.
Tadbir doirasida soliq imtiyozlari bilan birga, soliq va moliyaviy hisobotlarni elektron ko‘rinishda taqdim etishning shakl va uslublari, interaktiv xizmatlardan foydalanish bo‘yicha ham atroflicha ma’lumot berildi, amaliy ko‘rgazma va taqdimotlar o‘tkazildi.
Manba: O'zA