Yil yakunlari sarhisobi

2016-01-27

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida bo‘lib o‘tgan hay’at yig‘ilishida 2015-yil yakunlari sarhisob qilinib, 2016-yilgi ustuvor vazifalar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri T.Xudoybergenov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida hayotga tatbiq etilgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday holatlarda harakat qilish tizimi mamlakatimizda fuqaro muhofazasi va aholini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil ishlarni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

2015-yilda Favqulodda vaziyatlar vazirligining harbiy tuzilmalari va vositalarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashga doir barcha chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirildi.

Masalan, vazirlikning hududiy boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan hamkorlikda suv toshqinlari va ko‘chkilar yuz berishi xavfi mavjud bo‘lgan hududlarni o‘rgandi. Tog‘lardagi qor zaxirasi va yuqori tog‘ hududlaridagi ko‘llar holatini baholash maqsadida Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarining tog‘li hududlarida aerovizual kuzatuvlar olib borildi.

O‘tgan yili daryolarning toshgan suvlarni o‘tkazish imkoniyatini oshirish va qirg‘oqlarini mustahkamlash maqsadida Norin daryosining aholi zich joylashgan qirg‘oqlari mustahkamlandi. Namangan viloyati hududidan o‘tadigan Sirdaryo daryosining qirg‘oqlari betonlandi. Shuningdek, Zarafshon daryosidagi «Ravotxo‘ja» dambasining 4,91 kilometrlik uchastkasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.

Qutqaruvchilarning aniq va tartibli harakatlanishini ta’minlash, tayyorgarligini oshirish maqsadida muntazam o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Hisobot davrida o‘tkazilgan 31 qo‘mondonlik-shtab va 647 maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotida 110 mingdan ziyod xodim ishtirok etdi, qariyb 18 ming maxsus texnika jalb qilindi.

Aholini yuz berishi mumkin bo‘lgan xavflardan o‘z vaqtida ogohlantirish favqulodda vaziyatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Xususan, o‘tgan yili mobil aloqa operatorlari orqali 130 dan ortiq SMS-xabarlar jo‘natildi.

Yig‘ilishda 2016-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Qutqaruv xizmatlarining yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini yanada oshirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va qo‘llash, shuningdek, Sog‘lom ona va bola yilida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish shular jumlasidandir.

Manba: O'zA