Yutuq va kamchiliklar tahlili

2016-01-27

Toshkent viloyatida 2015-yilda 87,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Uning 66 foizdan ziyodi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridan 37 ming nafardan ortig‘i ish bilan ta’minlandi.

Toshkent viloyati faollarining 2015 yil yakunlari va 2016 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida shu va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Viloyat hokimi A.Usmonov boshqargan yig‘ilishda asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Qayd etilganidek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida izchil o‘sish sur’atini ta’minladi. Xususan, viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 6,7 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 10,9, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 22,6, xizmatlar 13,4, chakana savdo aylanmasi 15,2 foizga o‘sdi.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida barcha manbalar hisobidan 216,8 milliard so‘m va 1,7 million dollarlik mablag‘ sarflandi.

Yig‘ilishda hal etilmagan muammolarni batafsil va har tomonlama tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, viloyatdagi 20 asosiy sanoat korxonasida 2015-yilda ishlab chiqarish hajmi 2014-yilga nisbatan bir muncha kamaygani, mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish uchun zarur choralar ko‘rilmagani va boshqa ayrim sohalarda mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Islohotlarni davom ettirish, tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning dasturiy vazifalariga, shuningdek, uning 2016-yilda eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, kichik biznes subyektlari va fermer xo‘jaliklarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, viloyatning eksport salohiyatini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim sohalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Toshkent viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA