Markaziy saylov komissiyasida

2016-01-27

Joriy yilning 26-yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Komissiya raisi M.Abdusalomov boshqardi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2015-yilda amalga oshirgan faoliyati to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi hamda Komissiyaning 2016 yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi muhokama etildi.

Majlisda ta’kidlanganidek, Komissiyaning 2015-yildagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi saylov qonunchiligi, Komissiyaning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshirildi va asosan parlament va prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga qaratildi. Butun saylov kampaniyasining ochiqligi va oshkoraligi milliy va xorijiy OAV faol ishtirokida ta’minlandi.

Hisobot yilida Komissiyaning 22 ta majlisi o‘tkazilib, ularda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari va Komissiya faoliyatining boshqa jihatlari bilan bog‘liq 46 ta qaror qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi BSOA, YeXHT, MDH, ShHT doirasida xalqaro hamkorligini rivojlantirdi hamda xorijiy mamlakatlar saylov organlari bilan ikki tomonlama aloqalarini mustahkamlab kelmoqda. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining vakillari Dominikan Respublikasida bo‘lib o‘tgan BSOA Bosh assambleyasining ishida ishtirok etdi. YeXHT ko‘magida Buyuk Britaniya, Daniyaning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tajribasi, Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va qo‘llash amaliyoti o‘rganildi. Markaziy saylov komissiyasining vakillari MDH va ShHT missiyalari, BSOA ekspertlari tarkibida Belarus Respublikasi, Armaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘izston kabi MDH qator mamlakatlaridagi saylov va referendumlarni kuzatishda qatnashdilar bundan tashqari, saylov huquqi sohasidagi milliy ekspertlarimiz Serbiya, Koreya Respublikasi, Hindistonda tashkil etilgan o‘quv treninglarida ishtirok etdilar.

Komissiya a’zolari Markaziy saylov komissiyasining tegishli normativ-huquqiy hujjatlarini 2015-yil 29-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kirtish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.