Salmoqli natijalar, ulkan vazifalar

2016-01-25

Urganchda 2015-yil yakunlari va 2016-yilda Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,1, xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 21,9, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 5,9, qurilish ishlari hajmi 13,2, chakana savdo aylanmasi 12,5, jami xizmatlar 13,4 foizga o‘sdi.

Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami 559 milliard so‘m miqdoridagi investitsiya o‘zlashtirilishi hisobidan 1 ming 725 loyiha amalga oshirildi hamda 11,6 ming yangi ish o‘rni yaratildi.

Prezidentimizning 2012-yil 22-noyabrdagi “2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tgan uch yil davomida 308 million 500 ming dollar miqdorida investitsiya mablag‘i o‘zlashtirilishi hisobidan 432 sanoat korxonasi faoliyat boshladi. Xususan, 2012-yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 508 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 1 million 358 ming so‘mga yetdi.

Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 31 foizi mashinasozlik va metallni qayta ishlash sohasiga, 27,2 foizi yengil sanoat, 17,7 foizi oziq-ovqat sanoati va 16,6 foizi boshqa tarmoqlarga to‘g‘ri kelmoqda.

“GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali tomonidan bugungi kungacha qariyb 49 ming “Damas”, 2 ming 984 “Orlando” va 1 ming 431 “Labo” avtomobillari ishlab chiqarildi. “UzXMG” qo‘shma korxonasi tomonidan 233 qishloq xo‘jalik texnikaci, jumladan, 149 ekskavator, 72 buldozer va 12 yuk ortgich texnikaci ishlab chiqarildi.

Mahalliylashtirish dasturi ijrosi doirasida Xiva tumanidagi “Xiva maishiy texnika” korxonasida 1 ming 200 muzlatkich va sovutkich, Qo‘shko‘pir tumanidagi “Qo‘shko‘pir Agro Invest” korxonasida 1 million donadan ortiq svetodiod yoritgich ishlab chiqarildi.

Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash, turizm salohiyatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, eksport salohiyatini yuksaltirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayrim sohalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xorazm viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA