Yutuq va kamchiliklar tahlili
2016-01-25
Navoiy viloyatida 2015-yilda tashkil etilgan 41 mingdan ziyod yangi ish o‘rnining 13 mingdan ortig‘ini kasb-hunar kolleji bitiruvchilari band etdi. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan qariyb 18 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Navoiy viloyati faollarining 2015 yil yakunlari va 2016 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida shu va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan izchil ishlar samarasida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9 trillion so‘mni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2,5 foiz, jumladan, hududiy sanoat mahsulotlari 18 foiz, xalq iste’moli mollari 13,7, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 7,3, qurilish ishlari 6, chakana savdo aylanmasi 15,4, umumiy ko‘rsatilgan xizmatlar 17,9 foiz hamda pullik xizmatlar hajmi 9,5 foizga ko‘paydi.
796 yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, uning sanoatdagi ulushi 14,8 foizga va yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 37,1 foizga o‘sdi. Kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 501,2 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.
O‘tgan yili viloyatda 1,7 trillion so‘m kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, uning 49 milliard so‘mini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi. Investitsiyalarning 67,3 foizi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirishga yo‘naltirildi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jimiyatida umumiy qiymati 1 milliard 680 million dollarga teng yiliga 500 ming tonna azot kislotasi, 660 ming tonna ammiak, 577 ming tonna karbamid, 100 ming tonna polivinilxlorid (PVX), 72 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 415,5 milliard so‘m miqdoridagi kapital mablag‘lar hisobidan 30 loyiha amalga oshirildi.
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida qiymati 547 million dollarlik quvvati 450 Mvt. bo‘lgan 2-bug‘-gaz qurilmasini o‘rnatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘tgan yili 23 massivda qiymati 127 milliard so‘m bo‘lgan 745 namunaviy uy-joy foydalanishga topshirildi. 149 kilometr uzunlikdagi toza ichimlik suvi tarmog‘i barpo etilishi 55 mingdan ortiq aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini berdi. 59 kilometrlik umumfoydalanuvdagi va ichki yo‘llar ta’mirdan chiqarildi.
Davlat aktivlarini xususiylashtirish, avvalo, chet ellik investorlarga sotish borasida qator ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Masalan, 18 mulk kompleksi tanlov asosida, investitsiya kiritish sharti bilan“nol” qiymatda yangi mulkdorlarga sotildi. 7 past rentabelli va faoliyat ko‘rsatmayotgan tashkilot to‘liq tugatildi. Xususiylashtirish dasturida ko‘zda tutilgan, foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan 70davlat mulki obyekti o‘rnida bo‘shagan qariyb 23 gektar yer ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish va xizmat ko‘rsatish obyektlari qurish uchun tadbirkorlar tasarrufiga berildi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 149 milliard so‘m va 9,14 million dollar mablag‘ sarflandi.
Yig‘ilishda viloyatda erishilgan yutuqlar bilan birga ayrim tumanlarda eksportni rivojlantirish borasida kuzatilgan ba’zi kamchilik va muammolar, gaz, elektr energiyasi iste’molidan debitor va kreditorlik qarzlarining ortgani tanqid qilindi. Qayd etilgan kamchilik va xatolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Navoiy viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA