Istiqbol rejalari belgilab olindi

2016-01-25

Qashqadaryo viloyatida 2015-yilda yalpi hududiy mahsulot 5,4 foizga o‘sib, sanoat mahsuloti hajmi 5,8, qishloq xo‘jaligi 6,6, qurilish-pudrat ishlari 9,4 foizga oshdi.


Mulkchilik tarkibini tubdan o‘zgartirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, korporativ boshqaruvning prinsip va yondashuvlarini o‘zgartirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Xususiy mulkdorlar va tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatadigan markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2015-yilda 1 ming 620 kichik biznes subyekti tashkil etildi. Natijada kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 51,6 foizga yetdi.

Qashqadaryoda 2015-yil yakunlari va 2016-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida bular alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev boshqargan yig‘ilishda asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratildi.

Tarkibiy o‘zgartirishlar, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, zamonaviy infrastrukturani yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi. Buning samarasida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 5,2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya o‘zlashtirildi.

O‘tgan yili 159,3 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari hisobidan jami 194 obyekt bunyod etildi. Jumladan, 54 umumta’lim maktabi, 12 kasb-hunar kolleji, 8 sog‘liqni saqlash, 26 bolalar sporti va 43 ichimlik suvi bilan ta’minlash inshooti hamda boshqa obyektlar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Hisobot davrida viloyatning 27 massivida 1 ming 320 namunaviy loyiha asosidagi uy-joylar barpo etildi. Ushbu massivlarda 68,2 kilometr suv, 36,5 kilometr elektr, 23,8 kilometr gaz tarmoqlari va 31,4 kilometr ichki yo‘llar qurildi.

Bandlik dasturi doirasida 89,5 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Doimiy ish bilan ta’minlanganlarning 46,5 ming nafari kollej bitiruvchisidir.

Tahlil va tanqid ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida mavjud imkoniyat va salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotgani ta’kidlandi.

Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, kichik biznes subyektlari va fermer xo‘jaliklarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

2016-yilda sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarini so‘zsiz bajarish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish kabi masalalar doimiy e’tiborda bo‘lishi zarurligi qayd etildi.

Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA