Sarhisob va rejalar
2016-01-25
Nukusda 2015-yil yakunlari va 2016-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
2015-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar samarasida iqtisodiyotning barcha sohalarida izchil o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Ayniqsa, energetika, qurilish, kimyo, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida tarkibiy o‘zgarishlarga erishildi.
O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 10,7 foizga, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 21,6, xizmatlar 18,3 foizga oshdi.
Yirik sanoat korxonasi – Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi nihoyasiga yetkazilib, sinov tariqasida shu kunga qadar 300 milliard so‘mga yaqin mahsulot ishlab chiqarildi. Majmuada 1 ming 200 ga yaqin yosh mutaxassis ish bilan ta’minlandi.
Kimyo sohasida “Qo‘ng‘irot soda zavodi”da 109 million dollar miqdoridagi investitsiya evaziga yana 100 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘tgan yili 100 million dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi.
Energetika sanoatini rivojlantirish maqsadida 2013-2020-yillarga mo‘ljallangan dastur asosida “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi”da 700 million dollarlik investitsiya kiritish hisobidan qo‘shimcha bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari boshlandi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois, yiliga 60 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega “Titan-sement” zavodi 2016-yilda ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda.
Sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan Amudaryo tumanida “Amudaryo tekstil”, Xo‘jayli tumanida “Elit star tekstil”, Ellikqal’a tumanida “Global tekstil” korxonalari ishga tushirildi. 2015-2019-yillarda eski paxta tozalash zavodlari o‘rnida umumiy qiymati 79,6 million dollarga teng investitsiya hisobiga 4 korxonani modernizatsiya qilish hamda 4 yengil sanoat korxonasini yangidan qurish rejalashtirilgan.
Aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, mintaqaning eksport salohiyatini yanada oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili jami 50 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, ularning 22 mingdan ortig‘iga kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari joylashtirildi.
Yig‘ilishda ayrim sohalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA