Sessiya. Viloyat hokimi hisobot berdi
2016-01-25
2016 yil 21 yanvar kuni Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 17-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyaga “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 25-prim moddasi va xalq deputatlari viloyat Kengashi Reglamentiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan viloyat Kengashi deputatlari guruhi raisi A. Toshmatov raislik qildi.
Sessiyada «2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda iqtisodiyotni isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalashni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida” viloyat hokimi O. Ashurmatov hisobot berdi.
O‘tgan yil uchun belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda asosiy sohalarda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarning ta’minlanishi va iqtisodiyot tizimida yaratilgan kulay shart-sharoitlar natijasida yalpi hududiy mahsulot xajmi 3 trln. 147,2 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 5,9 foizga o‘sishga erishildi, dedi notiq.
Shuningdek, istemol tovarlari ishlab chikarish 108,7 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish 105,6 foizga, qurilish-pudrat ishlari 107,5 foizga, chakana tovar aylanmasi 117,0 foizga, jami xizmatlar hajmi 116,7 foizga, pullik xizmat ko‘rsatish hajmi 1103 foizga, xududiy eksport xajmi 100,1 foizga ta’minlandi.
Yalpi hududiy mahsulot xajmida kichik biznesning ulushi 68,5 foizga, xizmatlar ulushi esa 32,6 foizga etdi.
Hisobot yilida 876 ta kichik biznes subyektlari tashkil etilib, ularning soni 7281 taga etdi.
Bugungi kunda xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 68 taga etdi va ular tomonidan qariyb 224,9 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi hamda 36,6 mln. dollarlik eksport amalga oshirildi.
O‘tgan hisobot yilida viloyatda 165 ta sanoat korxonalari tashkil etilib, ularning soni 1142 taga etdi.
Tizimli ishlar natijasida hududiy mexnat bozoridagi vaziyat barqaror saqlanib, band aholi soni 339,9 ming nafarni (mehnat qilish qobiliyatiga ega 485,5ming nafar kishiga nisbatan 74,1 %) tashkil etdi.
Bandlik dasturiga asosan hisobot davrida 40 ming 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, shundan 31 ming 300 tasi qishloq joylarida yaratildi. Kasb-hunar ta’limi muassasalarini 2015 yilda bitirgan 10 ming 700 nafar (90,1 %) yoshlarning, shu jumladan, 5 ming 300 nafar qizlarning bandligi ta’minlandi.
Viloyat hokimining hisobot ma’ruzasida 2015 yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar batafsil aytib o‘tildi va galdagi vazifalar tilga olindi.
Ma’ruza yuzasidan bo‘lgan muzokaralarda tadbirkorlar – “Bek” birlashmasi direktori U. Sotiboldiev, “Temurmedfarm” MCHJ ijrochi direktori SH. Ziyaev, “Siruniversaloyiha” korxonasi huquqshunosi V. Lyan, viloyat iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i A. O‘rolov, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i A. Karimov, viloyat hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘.Sulaymonov, mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i N. Bobomurodov, Guliston tumani hokimi A. Husanboev va boshqalar so‘zga chiqdilar.
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi Reglamentining 67-moddasiga muvofiq, 26-Turkiston saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha doimiy komissiya raisi K. Akbutaev hokimning hisoboti bo‘yicha komissiya xulosasining mazmuni va xalq deputatlari Kengashi qarori loyihasining asosiy qoidalarini bayon etdi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri G. Saidova ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shuningdek, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi va uning doimiy komissiyalarining 2016 yil uchun ish rejasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Sessiyada viloyat prokurori Ya. Ochilov «Viloyatda qonuniylik, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida» axborot berdi.