Mahalliylashtirish dasturi: modernizatsiya va izchil rivojlanish

2015-07-22

Joriy yilning olti oyida respublikamizda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 585 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Bu sanoat tarmoqlari salohiyatini yanada kengaytirish, innovatsion loyihalarni hayotga izchil tatbiq etish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar samarasidir.

Haqiqatan ham, mamlakatimizda Mahalliylashtirish dasturi bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko’lami tobora ortmoqda. “Qo’qon mexanika zavodi” aktsiyadorlik jamiyatining faoliyati bunga yaqqol misol bo’la oladi. Gap shundaki, neft-gaz sohasiga butlovchi qismlar yetkazib beruvchi mazkur korxona keyingi bir-ikki yil ichida Italiya, Germaniya, SHvetsiya, Portugaliya, Shveytsariya kabi davlatlardan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandiki, bu ish unumdorligini sezilarli darajada kuchaytirib yubordi.

— Masalan, biz tayyorlayotgan muqobil isitish qozonlari, yuqori bosimga chidamli gaz sig’imlari va ballonlari ilgari valyuta hisobidan chetdan keltirilar edi, — deydi korxona direktori Sharifjon Yo’ldoshev. — Bajarilgan modernizatsiyalash tadbirlari tufayli endilikda bu kabi mahsulotlarni o’zimizda ishlab chiqarayapmiz.

Korxonaning salohiyati nechog’li yuksalib borayotganini iqtisodiy ko’rsatkichlar ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Joriy yilning olti oyida buyurtmachilarga 28 mlrd. so’mlikdan ziyod tayyor mahsulotlar sotilib, belgilangan reja 106 foiz bajarildi. Neft-gaz sanoati uchun butlovchi asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hajmi 152 foizni tashkil etdi. Shuningdek, 6 turdagi yangi mahsulot tayyorlashga erishildi.

Shu kunlarda esa korxonada mustaqilligimizning 24 yillik bayramiga bag’ishlab o’tkaziladigan “O’z kasbining ustasi” ko’rik-tanloviga puxta tayyorgarlik ko’rilmoqda. Unda 460 nafar yosh mutaxassis o’z kasbiga bo’lgan sadoqati va bilimini namoyish etadi. Mazkur tadbir asnosida yoshlar o’qish davomida olgan bilimlarini sinovdan o’tkazish barobarida, o’zaro tajriba ham almashadi. Bu, tabiiyki, ishlab chiqarish jarayoniga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatadi, albatta. Qolaversa, sog’lom raqobat hamda barqaror rivojlanish kuzatilayotgan korxonaga qiziqish ham ortadi. O’tgan yili zavod jamoasi safiga 328 nafar yosh mutaxassis qo’shilgani, joriy yilda esa ularning safi yanada kengayayotgani ana shundan dalolatdir.

Muxtasar aytganda, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, import o’rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashni yo’lga qo’yish mamlakatimiz sanoat salohiyatini oshirishda muhim omil bo’lmoqda. “Qo’qon mexanika zavodi”ning yetuk mutaxassislari esa ana shunday ezgu maqsad yo’lida mehnat qilayotgani diqqatga sazovor.