Tahlil va tanqid ruhida
2016-01-22
Namanganda 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi X.Bozorov boshqargan yig‘ilishda asosiy e’tibor davlatimiz rahbari Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasi Namangan viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, 2015-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,7 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 14, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 5,9, kapital qo‘yilmalar 5,9, qurilish-montaj ishlari 11,1, chakana savdo aylanmasi 12,9, jami xizmatlar ko‘lami 13,2 foiz o‘sdi.
Hisobot davrida 1650 dan ortiq yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 15 ming 731 taga, viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 80,2 foizga, sanoatdagi ulushi esa 61,9 foizga yetdi. 70 ga yaqin korxona tomonidan 127,8 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.
Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan 504 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi.
Byudjet mablag‘lari hisobidan 88 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Jumladan, 5 sog‘liqni saqlash muassasasi, 19 umumta’lim maktabi, 8 kasb-hunar kolleji, 16 bolalar sporti inshooti, jami 89 ijtimoiy obyekt qurilib, foydalanishga topshirildi. 34 qishloq aholi punktida toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Namunaviy loyiha asosida 25 massivda 848 zamonaviy uy-joy barpo etilib, ushbu hududlarda 52,6 kilometr ichimlik suvi, 19,2 kilometr elektr, 21,6 kilometrlik gaz tarmog‘i tortildi. 27,8 kilometr ichki yo‘llar qurildi.
Erdan samarali foydalanmayotgan 1 ming 987 fermer xo‘jaligi negizida yer maydonini maqbullashtirish asosida 3 ming 775 yangi fermer xo‘jaligi tashkil etildi.
Viloyatda bandlik dasturi ijrosini ta’minlash, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hisobot davrida 75 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Doimiy ish bilan ta’minlanganlarning 39 ming 600 dan ziyodi kollej bitiruvchilaridir.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosiga 234 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolarga e’tibor qaratildi. Viloyatdagi yirik korxonalarning 30 foizida sanoat ishlab chiqarishida pasayish kuzatilgan. Jumladan, Namangan shahridagi 7 korxonada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 24 milliard so‘mga kamaygan. Bunday holat Norin, Pop tumanlarida ham qayd etilgan. Chortoq, Chust kabi tumanlarda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish viloyat umumiy ko‘rsatkichidan past darajada qolmoqda. Yangiqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘on tumanlarida mahalliylashtirish dasturi asosidagi ishlar talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda qayd etib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Namangan viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA