Yengil sanoat: yakunlar va istiqboldagi vazifalar

2016-01-22

Bugun mamlakatimizda to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoati korxonalarining aksariyati «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradi. Sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 312 sanoat korxonasining 225 tasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlaridir.

2015-yil yakunlariga ko‘ra, ushbu korxonalar qiymati 3 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlari, 1 trillion so‘mlik xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqardi. Kalava va gazlama, trikotaj polotno va buyumlar, noto‘qima materiallar, shoyi va boshqa asosiy turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ko‘paydi. Umuman, o‘tgan yili soha korxonalari 188 turdagi yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarib, 75 turdagi yangi mahsulotlar tayyorlashni o‘zlashtirdi.

Sohada sport mahsulotlari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bugun 85 korxona sport buyumlari, jumladan, bolalar sporti kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Milliy liboslar yaratish va ishlab chiqarish ham muhim yo‘nalishga aylangan. Mamlakatimiz hududlari va poytaxtimizda «O‘zbekengilsanoat» korxonalariga qarashli do‘konlarda kundalik kiyimlar, sport formasi, ro‘zg‘orga kerakli to‘qimachilik buyumlari, paypoq va boshqa turli mahsulotlarni arzon narxlarda xarid qilish mumkin.

Zamonaviy liboslar yaratish uchun xorijlik dizaynerlarni jalb qilish va keyinchalik ularni mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston dizaynerlari va xorijiy davlatlardagi yetakchi moda hamda dizayn maktablari vakillari ishtirokida «Moda va dizayn – 2015» xalqaro festivali tashkil etildi. Unda Italiya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jahon moda sanoati vakillari qatnashdi. Festival doirasida «O‘zbekengilsanoat» korxonalarining 160 dan ortiq dizaynerlari va mamlakatimizning taniqli dizaynerlik guruhlari tomonidan yaratilgan liboslar namoyish etildi.

Chet el investitsiyalarini jalb qilish, yangi zamonaviy korxonalar tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish mamlakatimizda yengil sanoat sohasini yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida sohaga 187,3 million dollar jalb etildi va bu 2014-yilga nisbatan 2,7 foizga ko‘pdir. 2015-yilda 33 yangi korxona ishga tushirilib, 12 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

O‘tgan yilning oxirida Toshkent viloyatidagi «Maksim Gold» mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida qiymati 7 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etildi. Bu yerda yiliga 3,5 ming tonna kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Andijon viloyatida ham qiymati 2,44 million dollarga teng loyiha amalga oshirildi. Bankrotga uchragan «Bobur» ochiq aksiyadorlik jamiyati bo‘linmalari bazasida 1 million dona trikotaj buyumlar ishlab chiqarish tashkil etildi. “Lemon International” xorijiy kompaniyasi (Gonkong) bunga investitsiya kiritdi. Jizzax viloyatidagi «Do‘stlik» mashina-traktor parki bazasida esa yiliga 3,5 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yili soha korxonalarida energiya sarfini kamaytirish va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirildi. Masalan, 2015-yilda qiymati 1 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi 6 foiz, tabiiy gaz iste’moli 9,8 foizga kamaydi.

Engil sanoat korxonalari o‘z faoliyatida mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning samarasida sohada eksport hajmining ortib borayotgani va ichki bozorlarimiz mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlanayotgani kuzatilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili qiymati 1 milliard dollardan ziyod yengil sanoat mahsulotlari eksport qilindi. O‘tgan davrda eksportchi korxonalar soni 254 taga yetdi va bu «O‘zbekengilsanoat» korxonalari umumiy sonining 89 foizini tashkil qiladi.

Bugungi kunda kompaniya korxonalari eksportga yetkazib berilayotgan tayyor buyumlar turini kengaytirish borasida ham samarali ishlarni amalga oshirayotir. Misol uchun, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida soha korxonalari eksport qilayotgan mahsulotlar tarkibiga bambukli, modal va aralash kalava, jakkard va ringel mato, yangi tur va modeldagi, turli rasmlar solingan tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlari kiritildi. Ayni paytda umumiy eksport hajmida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar ulushi 40 foizga yetdi.

«O‘zbekengilsanoat» korxonalarining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari bilan yaqin hamkorligi samarasida jahon bozorida to‘qimachilik hamda tikuvchilik-trikotaj mahsulotlariga bo‘lgan talab inobatga olingan holda, eksport ko‘lamini kengaytirish ishlari amalga oshirilayotir. Tashqi savdo bozorlarini diversifikatsiya qilish, eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish maqsadida soha korxonalari Xitoy, Rossiya, Belarus, Latviya, Koreya Respublikasi, Germaniya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkalarda ishtirok etdi. Bugun mamlakatimizda tayyorlanayotgan to‘qimachilik mahsulotlari dunyoning 55 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. 2015-yilda mahsulotlarimizni Kolumbiya, Braziliya, Salvador, Pokiston, Xorvatiya, Nigeriya va boshqa mamlakatlarga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilda korxonalarni muntazam texnik va texnologik yangilash, soha infratuzilmasini jadal rivojlantirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, xorijiy investitsiyalar jalb etish va yangi ish o‘rinlari tashkil qilish «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatining ustuvor vazifalari hisoblanadi.

Manba: O'zA