Tizimli ishlar samarasi
2016-01-22
Poytaxtimizda O‘zbekiston Ekologik harakati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlar guruhining 2015-yildagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar samarasida nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyatimizdagi mavqei yuksalib, ular fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, turli sohalardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muvaffaqiyatli hal etish, jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishning muhim omili bo‘layotganini ta’kidladi.
Bu borada yaratilgan keng ko‘lamli sharoitlar tufayli O‘zbekiston Ekologik harakatining faoliyati ham yildan-yilga takomillashmoqda. Bugungi kunda mazkur jamoat tuzilmasi tomonidan tabiatni muhofazalashga yo‘naltirilgan davlat dasturlari hamda ekologik qonunchilikning joylardagi ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yuritish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, ekologik ta’lim va aholi orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga oid keng ko‘lamli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 2015-yilda ana shu yo‘nalishlarda joylarda to‘qqiz yuzdan ziyod amaliy-tahliliy tadbir tashkil etildi.
Global ekologik muammolarning tabiat musaffoligi va inson salomatligiga salbiy ta’siri oldini olishga yo‘naltirilgan xalqaro loyihalar yanada takomillashtirilmoqda. Ekoharakat bugungi kunda bu yo‘nalishda o‘ttizdan ko‘proq xorijiy davlatning yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda. Ana shunday hamkorlik doirasida jamoat ekologik nazorati yuritishning huquqiy asoslari, bu boradagi milliy va xorijiy tajriba, ekoturizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar tashkil etildi.
Ekoharakat huzurida faoliyat yuritayotgan «ishonch telefoni» xizmati aholi orasida tobora ommalashmoqda. Ushbu telefon orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish yuzasidan joylarga yuzdan ko‘proq ekologik reyd uyushtirildi. Tegishli davlat, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ushbu murojaatlarning yetmish foizdan ko‘prog‘i ijobiy hal etildi.
– Ekologik qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan izlanishlar ham o‘z samarasini berayotir, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Islom Xushvaqtov. – Deputatlarimiz tomonidan bu yo‘nalishda o‘ttizga yaqin qonun va bir yuz ellikdan ziyod qonunosti hujjatining xalqaro amaliyotga mosligini o‘rganish, ular o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha inventarizatsiya va tahliliy ishlar amalga oshirildi. Qonunchilik tashabbuskorligi faoliyati tartibida uchta yangi qonun, oltita amaldagi qonunni takomillashtirish bo‘yicha ish olib borildi.
Tadbirda Ekoharakat tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ekologik qonunchilikni takomillashtirishga oid loyihalar tahlil etildi. Sog‘lom ona va bola yilida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Manba: O'zA