Dolzarb vazifalar muhokamasi

2016-01-22

Samarqandda 2015 yil yakunlari va 2016 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Z.Mirzayev boshqargan yig‘ilishda o‘tgan yil viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratildi.

Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,5 foiz oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,8, chakana tovar aylanmasi 14,8, qurilish-pudrat ishlari 12,4, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 7,3 foizga ko‘paydi.

Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 77,9 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida ularga 972 milliard so‘mlik bank kreditlari ajratildi. Ayni paytda viloyatda band aholining 84,1 foizi ushbu tarmoqda mehnat qilmoqda. Umuman, bandlik dasturi doirasida yil davomida 94 ming 639, jumladan, qishloq joylarda 80 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Mahalliy, chet el investitsiyalari va kredit mablag‘larini jalb etish hisobiga 2015-yilda viloyatda 471 sanoat korxonasi ishga tushirilib, 12,5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi. 52 investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun 54,6 million dollar jalb etildi. Natijada 5,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasida 2015-yilda paxtachilikda o‘rtacha hosildorlik 24,3 sentnerni tashkil etib, paxtachilikning o‘zidan 223 milliard so‘mdan ortiq daromad olindi. G‘allachilikda sug‘oriladigan maydonlardagi hosildorlik 62 sentnerni tashkil etib, 2005-yilga nisbatan 8,6 sentnerga ko‘paydi. Chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik tarmoqlarida ham izchil o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Bugun viloyatda yurtimizdagi eng ko‘p – 7 ming 968 gektar intensiv bog‘lar mavjud. 2015-yilda 1 ming 968 gektar maydonda shunday bog‘lar barpo etildi.

112 aholi punktida ichimlik suvi obyektlari qurilishi uchun davlat byudjeti hisobidan 8,6 milliard so‘mmablag‘ ajratilib, 76,2 kilometr suv tarmog‘i, 62 rezervuar va suv minorasi, quduqlar qazildi. Bu 78,1 ming aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini berdi.

Hisobot davrida 36 kilometr xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi, qishloq joylardagi 74,9 kilometr xo‘jaliklararo yo‘llar ta’mirlandi. Namunaviy loyihalar asosida 1 ming 235 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.

Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil etildi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, yengil sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxonalar tashkil etish va mahsulot eksportini ko‘paytirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash borasida mavjud imkoniyat va salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotgani qayd etildi. Viloyat bo‘yicha debitor va kreditor qarzdorlikning oshib borayotgani ham keskin tanqid qilinib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

2016-yil rejalarini amalga oshirishda ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratish, islohotlar izchilligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Samarqand viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA