Dolzarb vazifalar muhokamasi
2016-01-22
Termizda 2015-yil yakunlari va 2016-yilda Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi T.Mamaraimov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Hisobot davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilindi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar viloyatiqtisodiyotining barcha sohalarida izchil o‘sish sur’atini ta’minladi. Yalpi hududiy mahsulot 9,2 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,8, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,1, qurilish-montaj ishlari hajmi 14,8 foizga oshdi.
Viloyatning sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida qariyb 21 million dollar qiymatidagi 116 loyiha amalga oshirildi, 1 ming 900 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Ishga tushirilgan uchta yangi korxonada 34 turdagi muzqaymoq, 20 turdagi chinni buyumlar va yiliga 23 million dona farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 66 mingdan ortiq yangi ish o‘rnining 47 ming 965 tasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Hisobot davrida hududiy korxonalar tomonidan 117,8 million dollar qiymatidagi mahsulot va xizmatlar eksport qilinib, “Surxondaryo agrofirma”, “Boysun Omonxona sharbati”, “Ekspo Taym” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari kabi 15 yangi korxona ilk marta eksport faoliyatiga jalb etildi.
Viloyatning investitsiya dasturi asosida davlat byudjetidan 47,1 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilib, 195 ijtimoiy soha obyektida qurilish ishlari amalga oshirildi. Natijada 24 umumta’lim maktabi to‘liq kapital ta’mirlandi, 10 sog‘liqni saqlash, 5 bolalar sporti inshooti, 9 kasb-hunar kolleji yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi. 24 aholi punkti toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish uchun 70,6 milliard so‘mlik mablag‘ sarflandi.
Viloyatdagi 14 zamonaviy massivda 975 namunaviy loyiha asosidagi uylar bunyod etilib, 27,5 kilometr suv, 32,5 kilometr tabiiy gaz quvuri tortildi. 24 kilometr elektr tarmog‘i, 24,7 kilometr ichki yo‘l barpo etildi.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, viloyatning eksport salohiyatini yanada oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim sohalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA