Ustuvor vazifalar belgilandi
2016-01-22
Andijonda 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov boshqargan yig‘ilishda 2015-yilda viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishilgani qayd etildi. Yalpi hududiy mahsulot o‘sish sur’ati 3,6 foizni tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 22, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 8 foizga ko‘paydi. Qurilish ishlari 13,7, chakana savdo aylanmasi 14, xizmatlar hajmi 20 foiz oshdi.
Iqtisodiyotga jalb etilgan investitsiyalarning asosiy qismi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik yangilashga yo‘naltirildi. Xususan, 2013-2015-yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 302,1 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, 3 ming 768 yangi loyiha amalga oshirildi. Buning samarasida 41 ming 257 yangi ish o‘rni yaratildi.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida jami 56,9 million dollar qiymatida, jumladan, 17,3 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etilib, 20 loyiha amalga oshirildi. Paxtaobod tumanidagi “Estern Rut Andijan” qo‘shma korxonasida tibbiyot mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Hisobot davrida viloyatda hududiy eksport dasturi doirasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jami 158 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi. 45 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi.
Axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish borasida 117 kilometrdan ortiq optik tolali kabellar tortilib, keng polosali tarmoqdan foydalanuvchi portallar 1752 taga yetdi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida 25 loyiha amalga oshirilib, 21,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va 7,6 million dollar miqdoridagi valyutani tejab qolish imkonini berdi.
O‘tgan yili namunaviy loyihalar asosida 1 ming 60 uy-joy qurildi. Andijon shahrida 6 ko‘p qavatli “Kamolot” uyi barpo etildi.
Viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda energiya sarfini qisqartirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida 173 isitish qozoni energiya tejamkor qozonlarga, suv xo‘jaligi tashkilotlarida 6 nasos, 23 elektr dvigateli yangisiga almashtirildi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 230 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Yig‘ilishda erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyatini hisobga olgan holda, uni yanada keng rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Andijon viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA