Sarhisob va rejalar tahlili
2016-01-22
Jizzax viloyatida o‘tgan yili 15 massivda namunaviy loyiha asosida 690 uy qad rostladi. Zamonaviy massivlarda 22,7 kilometr ichimlik suvi, 14,7 kilometr elektr va 21 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i, 9 kilometr ichki yo‘llar barpo etildi.
Bu 2015 yil yakunlari va 2016 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida alohida ta’kidlandi.
Viloyat hokimi S.Ismoilov boshqargan yig‘ilishda 2015-yilda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
2015-yilda viloyat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish, aholining turmush darajasini yuksaltirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,1 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,8, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2, qurilish ishlari 11,7, jami xizmatlar ko‘lami 17,8, foiz o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 80,1 foiz, xizmatlar ulushi 38,8 foizni tashkil etdi.
Viloyatda investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hisobot davrida sanoat sohasida umumiy qiymati 254 milliard so‘mlik 213 loyiha amalga oshirildi. Natijada viloyatda qo‘shimcha 260 milliard so‘mlik 50 dan ortiq turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida 664 loyiha, jumladan, chorvachilikda 84, parrandachilikda 23, baliqchilikda 19, asalarichilikda 73 loyiha amalga oshirildi. Intensiv agrotexnologiyalarga asoslangan 1 ming 249 gektar bog‘ va 1 ming 844 gektar tokzor barpo etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ularning faoliyatini kengaytirish maqsadlari uchun tijorat banklarining 346 milliard so‘mlik mablag‘i o‘zlashtirildi. Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” markazlari orqali 16 turdagi xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash hududiy dasturiga asosan 44 ming 158 yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning 29 ming 700 ga yaqini qishloq hududlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaratilgan ish o‘rinlarining 14 ming 850 dan ortig‘ini ayollar, qariyb 22 mingini yoshlar band etdi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 226 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, nuroniylarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, madaniy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yuksaltirish tadbirlari amalga oshirildi.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil qilindi, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. Jumladan, ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes subyektlarining 1 ming 300 dan ortig‘i 2015-yilda turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmadi. Jizzax shahri va G‘allaorol tumanida investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda sotilgan 2 inshootda tadbirkorlar tomonidan olingan majburiyatlar bajarilmadi.
Jizzax viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA