Tahlil va tanqid ruhida
2016-01-21
Buxoroda 2015 yil yakunlari va 2016 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi M.Esonov boshqargan yig‘ilishda 2015-yilda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida izchil o‘sish ta’minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 7,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 7, qurilish-montaj ishlari hajmi 11,7 foizga oshdi. Kichik biznesning viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 67,4 foizga, sanoatdagi ulushi 32,6 foizga yetdi.
Viloyatda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 3 trillion 878,4 milliard so‘mlik kapital mablag‘lar o‘zlashtirildi. Bu boradagi o‘sish 2,1 foizni tashkil etdi. Ushbu mablag‘larning 1 trillion 458,6 milliard so‘mi xorijiy investitsiyalardir. O‘tgan yili 11 sog‘liqni saqlash, 32 umumta’lim maktabi, 5 bolalar sporti inshooti, jami 87 ijtimoiy obyekt qurilib foydalanishga topshirildi. 24 qishloq aholi punktida toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga qariyb 100 milliard so‘mlik mablag‘ sarflandi.
Hisobot davrida namunaviy loyihalar asosida 24 massivda 920 dan ziyod zamonaviy uy-joy barpo etilib, ushbu hududlarda umumiy uzunligi 50,4 kilometr ichimlik suvi, 23,2 kilometr elektr tarmog‘i, 37,1 kilometrlik gaz quvuri tortildi. 22,3 kilometr yo‘llar qurildi.
Viloyatda aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 2015-yilda 74 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Doimiy ish bilan ta’minlanganlarning 26 mingga yaqini kollejlar bitiruvchilaridir.
Yig‘ilishda ayrim sohalarda mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani aniq misollar asosida tanqid qilindi. Jumladan, Shofirkon, Peshku, Vobkent, Jondor, Buxoro va G‘ijduvon tumanlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yetarlicha e’tibor berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Buxoro viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA