Faoliyat natijalari tahlil qilindi
2015-07-21
O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasida Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari rahbarlari ishtirokida Hay’atning kengaytirilgan yig’ilishi bo’lib o’tdi.
Unda yaqinda Vazirlar Mahkamasining joriy yil birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015 — 2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o’zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo’yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag’ishlangan majlisida muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlarining asosiy faoliyat yo’nalishlari bo’yicha ikkinchi chorak natijalari hamda uchinchi chorakda amalga oshiriladigan asosiy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, tadbirda debitorlik va kreditorlik qarzlari oshishining sabablari, soliq qarzi hamda ortiqcha to’lovni qisqartirish, soliq obyektlari va subyektlarini to’liq hisobga olish, soliqlar yig’iluvchanligini oshirish borasidagi ishlar ahvoli yuzasidan Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari davlat soliq boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari eshitildi.
Hay’at yig’ilishida valyuta va eksport-import operatsiyalarini dasturiy mahsullardan foydalangan holda, nazorat qilish borasida davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligi Andijon va Surxondaryo viloyatlari misolida tanqidiy muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Paxta va g’alladan boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xo’jaliklari tomonidan soliq majburiyatlarining bajarilishi borasida Andijon va Farg’ona viloyatlari soliq idoralari tomonidan olib borilayotgan nazorat ishlari tanqidiy ko’rib chiqildi.
Shu bilan birga, davlat soliq xizmati organlarining asosiy faoliyat yo’nalishlari bo’yicha har bir hududda namunaviy davlat soliq inspektsiyalari tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Muhokama natijalari bo’yicha faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo’l qo’yganligi uchun markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlaridan 4 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilib, 34 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo’llanildi.
Yig’ilish so’ngida davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalar ijrosini sifatli bajarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Davlat soliq qo’mitasi
Axborot xizmati.