2015 yanvar-dekabr oylarida respublikada qurilish materiallari sanoatining rivojlanishi yakunlari
2016-01-20
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2015 yilning yanvar-dekabr oylarida 4603,8 mlrd. so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o`tgan yilning tegishli davriga nisbatan 114,1% ga o`sdi. Tarmoqda ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy sanoat hajmidagi ulushi 5,0% ni tashkil etdi.
Tarmoqning yirik sanoat korxonalari tomonidan, o`tgan yilga nisbatan quyidagilar bo`yicha ishlab chiqarish hajmining oshirilishiga erishildi: kaolin – 4,7martaga, listlangan shisha – 25,8%ga, ishlov berilgan marmar, travertin, alebastr va ulardan tayyorlangan buyumlar – 17,1%ga, tomga yopish uchun keramik cherepitsa – 16,7%ga, qurilish uchun (o`tga chidamsiz) keramik g`ishtlar – 16,5%ga.
Shu bilan birga, yirik korxonalar tomonidan 2014 yilning tegishli davriga nisbatan qurilish uchun qorishmalar va aralashmalar ishlab chiqarish 2,0 martaga, ohaktosh ishlab chiqarish 46,8%ga, portlandtsement ishlab chiqarish 12,3%ga, gips ishlab chiqarish 5,4%ga o`sgan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Toshkent (tarmoqning umumiy hajmiga nisbatan 20,9%), Navoiy (20,1%), Farg`ona (12,5%) viloyatlari va Toshkent shahri (11,2%) korxonalari xissasiga to`g`ri kelmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qullab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilgan choralar bu tarmoqda ham ushbu sub`ektlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining o`sishiga olib keldi.
Natijada kichik tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining o`sish sur`ati o`tgan yilning tegishli davriga nisbatan 124,4%ni tashkil etdi va jami sanoat hajmidagi ulushi esa 52,0%ga yetdi.
Hozirgi paytda respublikada 5065ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko`rsatayotgan bo`lib, ulardan 720 tasi 2015 yilda yangi tashkil qilingan korxonalar hisoblanadi.