2015 yil yanvar-dekabr oylarida respublikada yengil sanoatning rivojlanishi yakunlari

2016-01-20

Faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish va raqobatbardoshligini oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan choralar yengil sanoat tarmog`ining yanada rivojlanishini ta`minlanmoqda va tarmoq korxonalari tomonidan 2015 yilning yanvar-dekabrida 15318,1 mlrd. so`mlik mahsulot ishlab chiqarildi va 2014 yilning tegishli davriga nisbatan 116,6%ni tashkil qildi. Tarmoqning jami sanoat hajmidagi ulushi 16,7%ga yetdi (2014 yil yanvar-dekabrida – 15,5%).

Hisobot davrida, respublika to`qimachilik sanoati korxonalari tomonidan 8938,9 mlrd. so`mlik mahsulot ishlab chiqarildi, bu 2014 yilning yanvar-dekabriga nisbatan 112,1% tashkil qildi, shu jumladan ipakchilik sanoatida – 110,4%, paxta tozalash sanoatida – 107,0%, ip-gazlama sanoatida – 122,7%, trikotaj sanoatida – 113,5% .

Shu bilan birga, mahsulot ishlab chiqarish o`tgan yilga nisbatan tikuvchilik sanoatida – 18,9%ga, charm-poyafzal sanoatida – 22,0%ga o`sgani qayd qilindi.

Hududlar kesimida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining katta qismi Toshkent shahri (tarmoqning respublikadagi hajmiga nisbatan 14,1%), Andijon (11,7%) , Farg`ona (11,7%) va Samarqand (9,1 %) viloyatlari korxonalari hissasiga to`g`ri kelmoqda.

Kichik tadbirkorlik faoliyatining har taraflama qo`llab – quvvatlanishi natijasida,engil sanoatda ham kichik biznes sub`ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmining keskin o`sishiga erishildi. Jumladan, kichik biznes sub`ektlari tomonidan hisobot davrida 2014 yilning 12 oyiga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 24,7%ga oshdi hamda ular mahsulotining tarmoqdagi ulushi 59,3% ni tashkil qildi.

Hozirgi kunda respublikada 8904 ta yengil sanoat korxonalari faoliyat ko`rsatmoqda, ulardan 3476 tasi to`qimachilik, 4684 tasi tikuvchilik hamda 712 tasi charm-poyafzal yo`nalishidagi korxonalar hisoblanadi. 2015 yilda 1130 ta yengil sanoat korxonalari yangidan tashkil etildi.