Ustuvor vazifalar belgilab olindi
2016-01-19
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlari ishtirokida davlat soliq xizmati organlarining 2015 yilgi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar mahkamasi majlisidagi ma’ruzasi mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilishi barobarida, unda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, jahon iqtisodiy inqirozini hisobga olgan holda, joriy yilda soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Hay’at yig‘ilishida davlat soliq xizmati organlari tomonidan Prezidentimizning 2014 yil 4 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Xususan byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga tushumlar to‘liqligini ta’minlash, soliq solish bazasini kengaytirishda mavjud qo‘shimcha manbalar va ichki imkoniyatlardan yetarli foydalanmaslik, soliq qarzini, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish, kameral nazoratni kuchaytirish, naqd pul tushumlari to‘liqligini ta’minlash, pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, qonunbuzilish holatlari uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, mahalliy hokimlik va mutasaddi idoralar bilan hamkorlik borasidagi kamchiliklar Jizzax, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari misolida batafsil muhokama qilindi.
Adliya vazirligida 2012 yil 15 martida davlat ro‘yxatidan o‘tgan «Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma talablarining bajarilishini nazorat qilish borasida Farg‘ona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Muhokama natijalari bo‘yicha, faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbar xodimlaridan 3 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan bo‘lsa, 79 nafariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Yig‘ilish so‘ngida davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalarning sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.